KATTAQOʻRGʻON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING 8 DEKABR -OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI QABUL QILINGANINING 31 YILLIGI MUNOSABATI BILAN KATTAQOʻRGʻON SHAHAR AHOLISIGA TABRIGI

Assalomu alaykum, aziz kattaqo'rg'onliklar!

Avvalambor, Sizlarni ulug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan bayram tadbirlarining o‘zgacha shukuhda bo‘lib o‘tayotganligi barchamizga ma’lum.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalq”. Shunday ekan har bir vatandoshiimiz yangilangan Konstitutsiyani “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam” deb yuksak g‘urur bilan ayta oladi. Konstitutsiyaga kiritiladigan barcha tuzatish va qo‘shimchalar mamlakatimizning 14 hududiy birligidan iborat yagona davlatni, millati va elatidan qat’iy nazar, yagona va qudratli O‘zbekiston xalqini yanada jipslashtiradi hamda ulug‘vor maqsadlar sari safarbar etadi.

Azizlar!

Shuni alohida ta’kidlash joizki “Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha har bir yurtdoshimizning qalbidan chuqur joy olib, jamiyatimizning barcha hayot sohasiga yanada yaqinroq kirib bormoqda. Shu boisdan bugun mamlakatimizda bo‘lgani singari shahrimizda ham “Konstitutsiya-xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tmoqda.

Ta’lim maskanlarida, mehnat jamoalarida, mahallalarda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar,  ochiq muloqot va suhbatlar, badiiy kechalar, madaniyat va sport tadbirlarida yoshlar, mahallalar, xotin-qizlar, nuroniylar keng jamoatchilik vakillarining faol ishtirok etayotganligi quvonarli, albatta.

Demak, bu har bir fuqaroning jamiyatning teng huquqli a’zosi, o‘z taqdirining chinakam egasi, barcha o‘zgarish va yangilanishlarga o‘zini nafaqat daxldor, balki bevosita ishtirokchisi, erkin va bunyodkor inson sifatida his etmoqda va islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, yurtimizda bugungi kunda  “Inson — jamiyat — davlat” degan tamoyil Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz, kundalik hayotimizning asosiga aylanmoqda. Inson, uning hayoti, huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash bu boradagi islohotlarning markaziga olib chiqilganligi fikrimizning isbotidir.

Huquqiy demokratik jamiyat barpo etishga asoslangan xalqchil va odilona siyosat hamda Konstitutsiyada o‘z ifodasini topgan adolat prinsipini ta’minlash bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahrida ham ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Birinchi navbatda Konstitutsiyamizda malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlashda fuqarolar huquqlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha barcha imkoniyatlar ishga solinib, aholi salomatligini saqlash, ishsiz fuqarolarga yordam berishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ijtimoiy muammosi bo‘lgan fuqarolarni arzon uy-joylar bilan ta’minlash, og‘ir turmush sharoitida yashagan xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tengligi siyosati doirasida ularning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mustahkamlash borasidagi qilinayotgan ishlar fikrimizning isbotidir.

Aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida shahar tibbiyot birlashmasi skrining apparati, tig‘siz jarrohlik laporaskopik uskunasi, eng zamonaviy rentgent, multispiral tamograf apparatlari bilan ta’minlandi hamda 1-son Oilaviy poliklinika ish boshladi. Albatta bu ishlar, shahrimizda aholi salomatligini saqlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish yo‘lidagi ishlar fuqarolarning tibbiy xizmatdan foydalanish huquqlarini ta’minlash, shuningdek, shahrimizda malakali tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi sayi-harakatlardir. Bu esa hamshaharlarimizning islohotlarga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Qadrli hamshaharlar!

Huquqiy demokratik jamiyat barpo etishga asoslangan xalqchil va odilona siyosat hamda Konstitutsiyada o‘z ifodasini topgan adolat prinsipini ta’minlash bo‘yicha ham katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, kambag‘allikni qisqartirish  maqsadida ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftari shakllantirildi. Shu asosda “Temir” daftar asosida ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga, “Ayollar” daftari orqali xotin-qizlarga va “Yoshlar” daftari orqali esa ishsiz, ko‘makka muhtoj yoshlarga moddiy-ma’naviy yordamlar ko‘rsatildi.

Eng muhimi, odamlarda erkin mehnat qilish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik hisobidan kambag‘allikdan chiqish tajribasi va ko‘nikmasi shakllanyapti.

“Yangi O‘zbekiston–maktab ostonasidan boshlanadi” tamoyili asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga ham katta e’tibor qaratilyapti. Ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning, ayniqsa, qizlarning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi ishlar ham yoshlarning Asosiy qonunimizda belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlanishida muhim omil bo‘lmoqda.

Yoshlarning ta’lim olishlari ham konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, bu borada shahrimizdagi barcha umumta’lim maktablarida yetarli shart-sharoitlar yaratildi.

Kattaqo‘rg‘on shahrida ta’lim sifatini yanada yaxshilash maqsadida Samarqand Davlat Universitetining Kattaqo‘rg‘on filialining ochilgani kattaqo‘rg‘onlik ziyo ahlini necha yillik orzularini amalga oshirdi. Shuningdek, 2022-2023 o‘quv yilida shahrimizda Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli ixisoslashtirilgan maktab o‘z faoliyatini boshladi va bugun ushbu muassasa iqtidorli yoshlarni o‘z bag‘riga oldi.

Qolaversa, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida Amir Temur va Zarifobod ko'chalarini bog'lovchi yangi zamonaviy ko'prik qurilgani, Madaniyat saroyi, Soliq idorasi,"Inson" ijtimoiy xizmat ko'rsatish markazi hamda "Ishga marhamat" Monomarkazining yangi binolari barpo etilganligi sohalar rivojiga qolaversa, aholining ushbu yo‘nalishdagi huquqlari va erkinliklarini amalga oshirish yo‘lida xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Albatta, shahrimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar aholining Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlash, huquqiy demokratik jamiyat barpo etish yo‘lidagi ishlarni hayotga keng tadbiq etishga muhim omil bo‘lib xizmat qilishiga umid qilamiz.

Aziz hamshaharlar!

Sizlarni yana bir bor, Bosh Qomusimiz–O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yillik bayrami bilan qutlar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, saodatli uzoq umr, oilaviy baxt, shaxsiy va ijtimoiy hayotda katta muvaffaqiyatlar tilayman. Xonadonlaringizni tinchlik-osoyishtalik, fayz-u- baraka va quvonch tark etmasin!

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM