KATTAQOʻRGʻON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING  1 OKTYABR-OʻQITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

“Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Sizlarni, taʼlim sohasining fidoyi va jonkuyar xodimlarini kasb bayramingiz – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Avvalambor, Sizning taʼlim sohasini rivojlantirish, oʻquvchi-yoshlarni yetuk salohiyat va yuksak bilim sohiblari boʻlishlari yoʻlidagi xizmatlaringizni yuksak eʼtirof etamiz. Zero, mamlakatimizda taʼlim tizimini rivojlantirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama komil insonlar qilib voyaga yetkazish hamda ularni jamiyatda munosib oʻrinlarini topishlarida sizning zaxmatli mehnatlaringiz mujassamdir.

Bugun Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-oʻqituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarning Uchinchi Renessansning toʻrt tayanch ustuni deb eʼtirof etilayotgani soha xodimlarini hurmat-eʼtiborini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, shaʼni va gʻururini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish borasidagi ishlarni yangi pogʻonaga olib chiqmoqda. 

Azizlar!

Bugun mamlakatimizda yosh avlodning munosib taʼlim olishi uchun maktabgacha taʼlimdan boshlab oliy taʼlimgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan mukammal bir tizimning yoʻlga qoʻyilganligi sohadagi muvaffaqqiyatlarga zamin yaratmoqda.

Prezidentimizning “Maktabgacha taʼlim tizimini rivojlanitirish, farzandlarimizga yaxshi tarbiya berish doimiy eʼtiborimizda boʻladi”, degan soʻzlari zamirida ham juda katta maʼno yotganini hammamiz bilamiz. Zero, maktabgacha taʼlim tashkilotida olingan bilim insonning kelgusi hayot yoʻlini belgilaydi. 

Bugun shahrimizda faoliyat yuritib kelayotgan 54 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarining 25 tasi Davlat, 3 tasi davlat-xususiy sheriklik, 3 tasi nodavlat hamda 23 tasi oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan iborat. 

Shahrimizda maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar soni qariyb 8000 nafarni tashkil etib, shundan 6550 nafar bolalar maktabgacha taʼlimga qamrab olingan. Bu esa jami bolalarning 83.1 foizini tashkil etadi. Xozirgi kunda jami 450 nafar pedagog xodimlar tarbiyalanuvchilarga taʼlim-tarbiya berib kelishmoqda.

  Hurmatli ustozlar!

Agarda dunyoda imoratlar ichida eng ulugʻi maktab boʻlsa, kasblar ichida eng sharaflisi oʻqituvchilik va murabbiylikdir! 

Maktab deganimizda har birimizning koʻz oldimizda birinchi navbatda biz uchun qadrdon boʻlgan maskan, bizga harf oʻrgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi gavdalanadi. Bugun yurtimizda “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan gʻoya asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi islohotlar zamirida ham Siz aziz oʻqituvchi-pedagoglarning mashaqqatli ammo sharafli mehnatlaringiz mujassamdir.  

Ustoz va murabbiylar ne-ne ulugʻ zotlar -Axmad al-Fargʻoniy, Ibn Sino, al-Xorazmiy, al-Beruniy va koʻplab olimlar, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temurdek lashkarboshilar, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, az-Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Soʻfi Olloyor, jadidlar va boshqa koʻplab buyuk ajdodlarimizni el-yurt xizmatiga tayyorlashda ham murabbiy va ustozlarning oʻrni katta boʻlgan. Biz bu buyuk zotlarning hayoti va faoliyatini oʻrganish asnosida ularning bir umr ilmi tolib boʻlgani, ustozlarining oʻgitlariga amal qilgani va kelajakda ulardan samarali foydalanganligiga guvoh boʻlamiz. Alisher Navoiy ustozining nabirasi bilan otdan tushib salomlashar va u ulugʻ zot tomonga hatto oyoq uzatib oʻtirmas ekan. 

Yozishni va oʻqishni oʻrgatgan, Ona, Vatan degan soʻzlarni yosh avlod qalbiga chuqur singdirgan ana shu muʼtabar insonlarning mehnatlari haqini Alisher Navoiy bobomiz taʼkidlaganidek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham ado etib boʻlmaydi. 

Shahrimizdagi umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritib kelayotgan, Siz aziz ustozlarni tom maʼnoda fidoyi kasb egalari desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Bugungi kunda shahrimizda 19 ta taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, shundan, 18 tasi umumiy oʻrta taʼlim maktablari va 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat yuritmoqda. Umumtaʼlim maktablarida tahsil olayotgan 16317 nafar oʻquvchilarga 971 nafar pedagoglar taʼlim-tarbiya berib kelmoqdalar. 

Oʻtgan oʻquv yilidagi 805 nafar bitiruvchilarning 778 nafari oddiy attestat, 27 nafari oltin medallar bilan maktablarni tamomladilar. 

2022-2023 oʻquv yilida taʼlim muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan pedagog xodimlarning 1 nafari “Xalq taʼlimi fidoyisi” hamda 3 nafari “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan. 

 Tarmoq mukofotlari bilan taqdirlanganlarni maktablar kesimida tahlil qilganimizda 6-umumtaʼlim maktabi oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi Zulayxo Yuldasheva “Xalq taʼlimi fidoyisi” hamda 3-umumtaʼlim maktabi rus tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Dilbar Davidova, 5-umumtaʼlim maktabi jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi Xusan Raxmonov, “Barkamol avlod” bolalar maktabi toʻgarak rahbari Xadicha Samatovalar “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishgan.

Oʻtgan oʻquv yilida “5 tashabbus-axborot texnologiyalari bilan” shiori ostida oʻtkazilgan Respublika tanlovida Kattaqoʻrgʻon shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabi hamda 11-IDUM oʻquvchilar jamoasi faxrli oʻrinni egallashdi.

 “Korrupsiyaga qarshi kurashamiz” Respublika ijodiy ishlar tanlovida 17-IDUM 11-sinf oʻquvchisi Ruxshona Bahodirova 1-oʻrin egallashga muvaffaq boʻldi.

“Vatan taraqqiyotiga mening hissam” Respublika ijodiy ishlar tanlovining Respublika bosqichida tasviriy sanʼat yoʻnalishi boʻyicha 17-IDUM, 10-sinf oʻquvchisi Asalbonu Muhammadiyeva fahrli 2-oʻrinni egalladi.

Kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish boʻyicha oʻtkazilgan tanlovning Respublika bosqichida 6- umumtaʼlim maktab oʻquvchi Bexruz Baxromov 1-oʻrinni egallab, gʻoliblikni qoʻrga kiritdi. 

 Yana shuni aytish joizki, oʻtgan yil davomida shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilgan qurilish-taʼmirlash ishlari doirasida taʼlim muassasalarining ham qiyofasi tubdan oʻzgardi.  

 Jumladan, 3 ta umumtaʼlim maktablarida, yaʼni 2-IDUMni rekonstruksiya qilish uchun 24 mlrd. 400 mln. soʻm, 11-IDUMni mukammal taʼmirlash uchun 10 mlrd. 800 mln. soʻm va 18-umumiy oʻrta taʼlim maktabini mukammal taʼmirlash uchun 3 mlrd. 524 mln. soʻm ajratilib, qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

 Oʻquvchi-yoshlarni zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallashlari bilan birga muayyan bir kasb-hunarni egallashlari borasida ham shahrimizda tizimli ishlar olib borilmoqda. 

  Ayni damda Kattaqoʻrgʻon shahrida faoliyat yuritayotgan tibbiyot, pedagogika, iqtisod va boshqa yoʻnalishlardagi 2 ta texnikum, 1 ta kollej, 1 ta kasb-hunar maktabi, 5 yordamchi maxsus internat maktabi, 2- sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabi hamda sport maktablarida oʻqituvchi-murabbiylar yoshlarga kasb-hunar sirlarini oʻrgatib kelmoqdalar.  

Bugun ushbu qutlugʻ ayyom arafasida biz yuqoridagi taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha fidoyi va jonkuyar ustozlarga oʻzimizning chuqur minnatdorchiligimizni izhor etamiz. 

 Aziz pedagoglar!

Shuni alohida taʼkidlash joizki, shahrimizda oliy taʼlim muassasasining ochilishi kattaqoʻrgʻonlik ziyo ahlini behad quvontirgan boʻlsa, yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasini oshirishda yana bir imkon boʻldi.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-maydagi “Samarqand davlat universitetining Kattaqoʻrgʻon filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 307-sonli qaroriga asosan tashkil qilingan Samarqand davlat universiteti Kattaqoʻrgʻon filialida bugungi kunda 2 ta fakultet, 4 ta kafedra mavjud boʻlib, unda 100 dan ortiq oʻqituvchi-pedagoglar faoliyat koʻrsatmoqda. 

Filialda bugungi kunda 13 ta kunduzgi va 2 ta sirtqi taʼlim shaklida jami 1900 nafar talaba tahsil olmoqda. Biz oliygoh oʻqituvchilarini ham kasb bayramlari bilan muborakbod etamiz.

Muhtaram oʻqituvchi-murabbiylar, aziz ustozlar! 

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bugun biz sizga eng katta boyligimiz- millionlab farzandlarimiz, oʻgʻil-qizlarimizning taqdirini, yurtimiz istiqbolini ishonib topshirganmiz. Va bu vazifani sidqidildan ado etib kelayotgan siz kabi fidoyi va jonkuyar insonlar, kelajak bunyodkorlariga har qancha tasannolar aytsak arziydi.

Sizlarni yana bir bor 1 oktyabr – "Oʻqituvchi va murabbiylar kuni" bilan chin dildan muborakbod etaman.

Barchangizga uzoq umr, mustahkam sogʻlik va xonadoningizga fayzu-baraka, barkamol avlodni voyaga yetkazishdagi ezgu ishlaringizga ulkan zafarlar tilayman!

 

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM