SIZGA TA’ZIM USTOZLAR!

Har bir insonning, u qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar jamiyatda o‘z o‘rnini topishida o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni beqiyos. Zero, ushbu muvaffaqiyatlar zamirida fidoyi, mehribon va jonkuyar ustozlarning zaxmatli mehnatlari mujassamdir. 

Kuni kecha shahar Drama teatrida 1 oktyabr –“O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida ana shunday sharafli kasb egalarining mehnatlari yuksak e’tirof etildi.

Sektor rahbarlari, o‘qituvchi-murabbiylar, faxriy ustozlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirni shahar hokimi o‘rinbosari Jamshid Nosirov ochib berdi va shahar hokimining ustoz va pedagoglarga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, tadbirda shahar prokurori, 2 sektor rahbari Ismoli Nuriddinov ham so‘zga chiqib, bayram ishtirokchilarini muborakbod etdi va sektor hududidagi umumta’lim maktablari o‘qituvchilariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Shundan so‘ng shahrimizda yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda o‘zining samarali mehnatlari bilan munosib hissa qo‘shgan ustoz pedagoglar shahar hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi vakillarining 11 -Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori Ozoda Salimovaga qo‘mondonlikning "Ma’naviyat a’lochisi" ko‘krak nishonini topshirgani maktab jamoasiga bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir davomida so‘z olgan shahar yoshlar ishlari agentligi rahbari Uchqun Tuyg‘unov hamda 11 -Ixtisoslashtirilgan davlat umumtalim maktabi o‘qituvchisi Sayyora Imomovalar ham tadbir ishtirokchilarini bayram bilan muborakbod etdilar va ularning kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyat tiladilar.

Shahar madaniyat bo‘limi san’atkorlarining konsert dasturi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Tadbir shahar madaniyat bo‘limining kuy va qo‘shiqlari bilan davom etdi. 1 oktyabr- “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayram tadbirlari barcha maktablarda ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM