Shahar hokimi o’rinbоsari Jamshid Nosirov ishtirokida “Shaharda aholida atrof-muhitga do‘stona munosabatda bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirish” mavzusida birifing

Assalomu alaykum hurmatli hamshaharlar, jurnalistlar va blogerlar.

Bugungi brifingimiz “Shaharda aholida atrof-muhitga do‘stona munosabatda bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirish” mavzusida bo‘lib o‘tadi.

Tozalik, pokizalik va ozodalik azaliy qadriyatlarimiz hisoblanadi. Bugungi kunda ham ushbu an’analarni davom ettirgan holda aholida, har bir insonda atrof-muhitga, tabiatga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lish, uni asrab-avaylishi borasidagi tushunchalarni singdirish, shakllantirish lozim. Zero, bugungi kundagi ekologik vaziyatda har bir fuqaroda ekologik madaniyatni yuqori bo‘lishi bu boradagi islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Avvalo, ekologik madaniyatni oshirish haqida so‘z borganda, shuni aytish lozimki, tabiatga muhabbat, tabiat haqidagi bilim va tasavvurlar, ko‘nikmalar, ekologik tarbiya, qadriyat va an’analar ekologik madaniyat shakllanishiga sabab bo‘ladi. Ekologik madaniyatni shakllantirishda avvalo oilaviy muhit, maktab, o‘rta va oliy ta’lim muassasalaridagi tarbiyaning ahamiyati katta. Shuningdek, aholida bu boradagi bilim va ko‘nikmalarni shakllanishida mahallalarning ham alohida o‘rni bor. Mahallalar ham ushbu ishlarga jonbozlik ko‘rsatishi lozim, deb o‘ylayman.

Keyingi ikki yil ichida shahrimizda ham keng ko‘lamdagi ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashirish ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy uy-joylarning barpo etilgani, ko‘chalar, mahallalar, dam olish maskanlari, xiyobonlarning obod bo‘lishi, yashil hududlarning ko‘payishi aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Mahallalarda tozalik va ekologik muhit sofligini saqlash maqsadida shahrimizdagi 36 ta mahallaning barchasi sanitar tozalash xizmatlari bilan to‘liq  qamrab olingan. Sanoat korxonalaridan atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish maqsadida, jami 3 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalari modernizatsiya qilindi.

Joriy yilda shahardagi mahallalar hududida 12 ta chiqindi yig‘ish maydonchalari tashkil qilindi shuningdek, 30 ta konteyner olib kelib o‘rnatildi. Shuningdek, xalq ta’limida 4 ta, maktabgacha ta’limda 3 ta, sog‘liqni saqlash tashkilotlariga ham  2 ta chiqindi konteynerlari qo‘yildi.

Shunday bir sharoitda, afsuski, ayrim fuqarolar yaratilayotgan imkoniyatlarga munosib bo‘lish o‘rniga, mazkur ishlarga e’tiborsizlik bilan qarayotganliklari  achinarli hol. Ayrim fuqarolar tomonidan maishiy chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash yoki suvga oqizish kabi holatlarning  tez-tez uchrayotgani fikrimizning isbotidir.

Shu o‘rinda fuqarolarimizga bu kabi harakatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining va ushbu me’riy hujjatlarga ko‘ra javobgarlikning mavjudligini eslatib o‘tsak.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlarida fuqarolar tomonidan atrof-muhitni asrab-avaylash, joylarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan huquqiy me’yorlar mustahkamlangan. Mazkur qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida muayyan javobgarlik choralari nazarda tutilgan.

Qolavresa, bugun atrof-muhitning, ekologiyaning tozaligini saqlashni, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jamiyatning har bir a’zosi o‘zining asosiy vazifasi deb bilishi lozim. Ayniqsa, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar, mahalla faollari o‘z tajribalari, maslahatlari bilan bu kabi ishlarda yoshlarga ibrat bo‘lishi kerak.

Kelgusida bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida bir qator isharni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

Albatta, bu ishlarni amalga oshirish orqali fuqarolarda atrof-muhitni toza saqlashga bo‘lgan daxldorlik hissini oshirish, hashar yo‘li bilan atrof-muhitning tozaligini ta’minlash, tozalik va obodlik yo‘lida yoshlarni birlashtirish, ularning tarbiyasida tozalik orqali tibbiy madaniyatni shakllantirishni, shuningdek, har bir tashkilot va muassasalarning o‘z hududlarini toza saqlashdagi mas’uliyatini oshirish, ko‘chalar va suv havzalari, jumladan, ariqlar, kanallar, zovurlarni toza tutishga erishish, ularga maishiy chiqindilar tashlashning oldini olish, aholi salomatligini saqlash hamda sanitariya-epidemiologik holatni yaxshilashni maqsad qilganmiz.

O‘ylaymizki, har bir kattaqo‘rg‘onlik shahrimizni, qolaversa o‘z mahallasini, xanadonini ozodaligi va tozaligini saqlashga xizmat qiladigan bu kabi ko‘kalamzorlashirish va obodonlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shadilar va bizning bu boradagi harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlaydilar.

E’tiboringiz uchun rahmat.

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM