Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova ishtirokida “Shaharda gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlar” mavzusida brifing

Assalomu alaykum hurmatli hamshaharlar, jurnalistlar va blogerlar. Bugungi brifingimiz shaharda gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlarga bag‘ishlangan.

Bugun mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonlikni oldini olish, gender tengligini taminlash masalalari xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi muhim vazifa hisoblanadi.

Xususan gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hayotda qiynalgan, og‘ir ijtimoiy muhitda yashayotgan xotin-qizlarni himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi islohotlar inson manfaatlari ustunligini ta’minlash barobarida jamiyatda xotin-qizlarning mavqeini oshirish, huquq va imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan. Bunda ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ro‘yobga chiqarilmoqda.

Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish yo‘nalishida ham muhim qadamlar qo‘yildi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoring olib borish to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Mazkur nizom ijrosini ta’minlash, hamda shahrimizdagi tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni himoya qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda  2023 yil 1-chorak davomida himoya orderi berilgan oilalarning 62  tasi yarashtirilib, 16 ta holatda nizo bartaraf etildi.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, hayotda qiynalgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan «Ayollar daftari»ning yuritilishi orqali ham ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berildi.

Ya’ni, 2023 yilning 1 yarim yilligi yakunida 4- bosqich “Ayollar daftari” 6 ta toifa bo‘yicha kiritilgan jami 4488 nafar xotin-qizlarning 2510 nafariga manzilli yordamlar ko‘rsatildi. Qolgan 1978 nafariga yil oxirigacha yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan. Shuningdek, shahrimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlardan kelib chiqib, ularga jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, xotin-qizlar va erkaklarning tengligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xodimlarning kasbiy tayyorgarligi tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish, istiqbolli va iqtidorli xotin-qizlarni rahbatlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Mamlakatimizda tibbiyot sohasda amalga oshirilayotgan islohotlar davomida onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 25.04.2022 yildagi “2022 — 2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi PQ-216-sonli qarorida ham bir qator vazifalar belgilab berilgan. Shu jumladan, shahrimizda ham onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Shahar Tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limi 100 o‘rinli perinatal markazga aylantirilgan va qo‘shni to‘rtta tuman hamda shahrimiz aholisiga xizmat qilib keladi. Ushbu markazning vazifasi muddatidan oldin tug‘ruqlarni qabul qilish, tibbiy xizmatga muhtoj ayollarni qabul qilish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat. Markazga 2023 yilning iyul holatiga ko‘ra ya’ni, 6 oyi davomida 2067 ta tug‘ruq bo‘lgan.

Yuqori texnologiyali apparatlar bilan ta’minlangan markaz tomonidan muddatidan oldin tug‘ilgan 80 dan ortiq chaqaloqlar sog‘lomlashtirilgan. Markaz faoliyatining asosiy vazifasi ham shu aslida. Kelgusida ham bu boradagi ishlarni samarali tashkil qilish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshiriladi.

Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Agar oilalar qanchalik tinch va mustahkam bo‘lsa jamiyat ham har tomonolama taraqqiy etadi. Shu boisdan yurtimizda oilalarning jmiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, oilalalrda farovonlik, tinchlik va xotirjamlikni ta’minlash bugungi kunda muhim masala hisoblanadi.

Kattaqo‘rg‘on shahrida bugungi kunda 24696 ta oila istiqomat qiladi. Shundan voyaga yetmagan farzandlari bor oilalar 11872 ta, ko‘p bolali oilalar esa 659 tani tashkil qiladi. Oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar doirasida ayniqsa ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan oilalarga ijtimoiy daftarlar orqali yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda. Shuningdek, mahallalardagi beshlik, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, mahalla faollari tomonidan oilalarda sog‘lom turmush tarzi, ma’naviy-ma’rifiy muhitni yaxshilash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Albatta, kelgusida ham  xotin-qizlar gender tengligini ta’minlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi tizimli ishlarni davom ettiramiz.

E’tiboringiz uchun rahmat.

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM