BOBUR TAVALLUDINING 540 YILLIGI NISHONLANDI

Mamlakatimiz, jumladan, shahrimizda ham buyuk bobokalonimiz, shoir va mutafakkir, davlat arbobi, Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi, xayoti va ijodiga bag‘ishlab she’rxonlik kechalari, uchrashuvlar, nazm va navo ruknidagi ma’naviy-marifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Bugun shahar Drama teatrida buyuk siymo Bobur tavalludiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirga shahar hokimi Gavhar Alimova, shoir va yozuvchilar, yoshlar, ta’lim sohasi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘z olgan shahar hokimi G.Alimova shoh va shoir hayoti va ijodi haqida so‘z yuritdi.

-Jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyoda ma’lum va mashhurdir. Uning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega.

Tarixchi Mirzo Muhammad Haydar «Tarixi Rashidiy» asarida Bobur haqida so‘z yuritar ekan «...U turli fazilatlar bilan bezangan va maqtovli hislatlarga ega bo‘lgan bir podshoh edi. Ushbu barcha fazilatlaridan shijoat va muruvvati ustun turardi. Turkiy she’rni Amir Alisherdan keyin hech kim Bobur yozgan darajada yozgan emas», deya ta’kidlagan edi.

Bobur ijodi haqida ko‘plab ma’lumotlarni keltirish mumkin. Uning boy ilmiy va adabiy merosini o‘rganish, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib voris qilib tarbiyalash oldimizda turgan dolzarb masalalardan hisoblanadi. Qolaversa, shuni mamnuniyat bilan aytish mumkinki, respublika miqyosida tan olingan Kattakurg‘on adabiy muhitining yuksalishi, gullab-yashnashi, betakror shoir va yozuvchilar, olimlar yetishib chiqishida Bobur adabiy merosi va ijodining ham hissasi, alohida o‘rni bor.

Kattaqo‘rg‘onlik yoshlar Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning bizga qoldirgan bebaho meroslari bilan birga shahrimizda kamol topgan ijodkorlarning hayoti va ijodini ham astoydil, chuqur o‘rgansalar, ularga ergashsalar maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Shundan so‘ng shahar Drama teatri iqtidorli aktyorlari tomonidan mahorat bilan ijro etilgan Bobur hayoti va ijodi aks etgan sahna ko‘rinishini tomoshabinlar katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

Shuningdek, shahar Madaniyat bo‘limi xonandalar tomonidan Bobur g‘azallari asosida ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar shahrimizdagi ta’lim muassasalari, ma’rifat maskanlarida davom etadi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati

 

 

 

 

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM