KATTAQOʻRGʻON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING BITIRUVCHILARGA TABRIGI

Aziz bitiruvchilar !

Avvalambor, mana shunday shukuhli bir damda, Siz aziz yoshlarning hayajonli va quvonchli lahzalaringiz, yetuklik shahodatnomasini qoʻlga olib yangi hayot sari qadam qoʻyayotganligingiz bilan chin dildan muborakbod etaman.  

Bugun shahrimizdagi umumtaʼlim muassasalarida yangrayotgan “Soʻnggi qoʻngʻiroq”lar oʻzlarining qadrdon va jonajon maktablari bilan xayrlashayotgan maktablarimizdagi 11-sinflarning 835 nafar bitiruvchi oʻquvchilarini mustaqil hayot sari chorlamoqda. Ushbu unutilmas kundagi hayajonli daqiqalariga ularning ustozlari va ota-onalari ham hamnafas boʻlmoqdalar. Ayniqsa, 67 nafar oʻquvchilarimizning aʼlo darajali shahodatnoma, 24 nafari oltin, 2 nafari kumush medallar bilan yakunlayotganlari bayram shukuhni yanada oshirmoqda. Albatta, bularning barchasi nafaqat sizlarni, balki biz, ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham gʻoyat quvonchli va hayajonlidir.

Sizlarni kelgusida zamonaviy taʼlim olib, kasb-hunar oʻrganib, jamiyatimizda munosib oʻrin egallashingiz uchun ulkan imkoniyatlar kutmoqda. 

Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, oʻz bilim va isteʼdodini Vatanimizga munosib farzand boʻlishdek maqsadlarga sarflashga bel bogʻlagan siz kabi yoshlarni – yangi Oʻzbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasi ekanligingizga ishonamiz.

Aziz yoshlar!

Bugungi kunda yurtimiz ulkan taraqqiyot sari yuz tutayotgan bir davrda ayniqsa, taʼlim tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganligi quvonarli. Zero, joriy yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilinganligi ham fikrimizning yorqin isbotidir. Shu maqsadda 2023 yilda maxsus davlat dasturi qabul qilinib, soha rivojini yangi bosqichga koʻtarish, oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi oʻrni va obroʻ-eʼtiborini oshirish boʻyicha juda koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuni mamnuniyat bilan aytish joizki taʼlimga berilayotgan eʼtibor tufayli shahrimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida olib borilgan qurilish- taʼmirlash ishlari bois bugun ular zamonaviy qiyofada aks etdilar. Birgina oʻtgan yilda shahrimizdagi 3 ta umumtaʼlim maktablarida, jumladan: 2-IDUMni rekonstruksiya qilish uchun 24 mlrd. 400 mln. soʻm, 11-IDUMni mukammal taʼmirlash uchun 10 mlrd. 800 mln. soʻmlik hamda 18-umumiy oʻrta taʼlim maktabida esa 3 mlrd. 524 mln. soʻmlik mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Shu jumladan, 2023 yilda ham shahrimizdagi umumtaʼlim maktablarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash va qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish maqsadida mahalliy byudjet mablagʻlari xisobidan 2 mlrd. 350 mln. soʻm mablagʻ ajratildi.

Shuningdek, joriy oʻquv yilida maktablarda 560 ta (sport, raqs, tasviriy sanʼat, musiqa va fan) toʻgaraklar tashkil etilib, ularga 10551 nafar oʻquvchilar jalb etildi. Mahalliy byudjet hisobidan 5 ta muhim tashabbus toʻgaraklari uchun zarur boʻlgan jami 133 mln. soʻm mablagʻ sarflanib, shundan, 26 mln. soʻmlik 13 turdagi sport jihozlari, 29 mln. 700 ming soʻmlik musiqa asboblari, 33 mln. 300 ming soʻmlik badiiy kitoblar, 46 mln. soʻmlik kompyuter va boshqa zarur zarur ashyolar yetkazib berildi.

Yoshlarni komil insonlar va yuksak maʼnaviyatli qilib tarbiyalash maqsadida umumtaʼlim maktablarida “Barkamol avlod” bolalar maktablari, bolalar va oʻsmirlar sport maktablarida keng koʻlamli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday ishlarimizning samarasi sifatida shahrimiz yoshlarining joriy yilda turli tanlovlar, fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, xalqaro tanlovlarda ishtirok etib faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritganliklari barchamizni birdek quvontiradi.

Hurmatli bitiruvchilar!

Sizning maktab ostonasidan yangi hayot sari qoʻyayotgan qadamingizning, bu boradagi kelgusidagi ulkan rejalaringizni amalga oshirishda biz ham yuksak masʼuliyatni his qilamiz.

Shu maqsadda shahrimizda faoliyat yuritayotgan Samarqand Davlat universitetining Kattaqoʻrgʻon filiali, kollej va texnikumlarni sizni tanlagan sohangiz boʻyicha yetuk kadr va malakali mutaxassis boʻlib yetishishingiz uchun ulkan imkoniyat maydoni boʻlib xizmat qilishiga ishonamiz.

Shu bilan birga, davr talabidan kelib chiqib, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻrgatadigan markazlar, IT va texnoparklarning faoliyat yuritayotganligi ham Sizning oʻz biznesingizni yoʻlga qoʻyishingiz, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishingiz uchun zamin boʻladi.  

Albatta, Siz kelgusida jamiyatda munosib oʻrningizni egallashingiz yoʻlida yaqin koʻmakchi va maslahatchi sifatida bizga suyanishingiz mumkin. Bunday ezgu maqsad uchun barcha eshiklarimiz doimo sizlar uchun ochiqdir.

Ishonchim komilki, sizlar yaratilgan ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanasiz. Kelgusida yuksak bilim va malakangiz bilan samarali mehnat qilib shahrimiz, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshasiz. 

Siz azizlarni yana bir bor hayotingizdagi unutilmas kun bilan samimiy muborakbod etgan holda kelgusida ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar tilayman. Hayotingizni baxt va omad tark etmasin. Mustaqil hayot sari bosayotgan qadamingiz qutlugʻ va barakali boʻlsin!

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM