KORRUPSIYA- TARAQQIYOT KUSHANDASI

Korrupsiya demokratiya va qonun ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi. Inson huquqlarining buzilishiga olib keladi. Islohotlarga to‘sqinlik qilib jamiyat taraqqiyotini ortga suradi. Xalqning adolatga bo‘lgan ishonchini susaytiradi. Ushbu illat mamlakat ham millat ham tanlamaydi. Shu bois, unga jahon miqyosida qarshi kurash olib boriladi.

Bugungi kunda korrupsiya xavfining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Xususan, korrupsiyaning oldini olish bilan bog‘liq qonunchilik bazasini mustahkamlashga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari, bir so‘z bilan aytganda mamlakatimizda “korrupsiya” so‘zi ishlatilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat mavjud.

Korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida 2017 yil yanvarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi esa davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, yaxlit tizimni yaratish imkonini berdi.

Bu albatta, so‘nggi yillarda ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish va qat’iy kurash olib borish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganidan dalolatdir. Chunonchi, Davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilingan, jamiyatimizning barcha a’zolarini “halollik vaksinasi” bilan emlagan holda korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga qaratilgan tashabbusni ilgari surdi. 

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

«Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash maqsadlariga faqat jinoyat-huquqiy vositalar bilan erishib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. O‘ylaymizki, bunday ma’naviy buzilish holatga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldirlar. Shunday ekan, davlat va jamiyat, shu bilan birga nodavlat notijorat tashkilotlari bunday illatni oldini olish va unga qarshi kurashda birgalikdagi harakati natijaga erishishning eng maqbul yo‘li hisoblanadi.

Hilola Ergasheva.

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM