XOTIN-QIZLAR BANDLIGINI TAʼMINLASH USTUVOR VAZIFA
Yurtimizda xotin-qizlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Shu boisdan ham oila bekasi, farzandlarni dunyoga keltiruvchi ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish borasidagi ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Zero, ish bilan band bo‘lgan xotin-qizlarning oilasida muhit sog‘lom, nizolardan holi, tinchlik va totuvlik hukmron bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining migratsiyadan qaytgan xotin-qizlarni bandligini taʼminlash, ularni o‘z oilalari bag‘rida yashashlari uchun imkoniyat yaratish zarurligiga alohida eʼtibor qaratganlari zamirida ham ulkan maqsadlar mujassam.
Bugun bu borada Kattaqo‘rg‘on shahrida ham tizimli ishlar tashkil qilingan. Shahar hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan migratsiyadan qaytgan ayollar bilan ishlash bo‘yicha manzilli rejalar ishlab chiqilgan.
Shaharda migratsiyadagi xotin-qizlar 3980 nafarni tashkil qilib, xotin-qizlar faollari tomonidan ularning 3868 nafari bilan onlayn muloqotlar o‘tkazilgan. Natijada 614 nafar xotin-qizlar o‘z uylariga qaytarildi. Shuningdek, migratsiyadagi xotin-qizlarning 2898 nafarining oila aʼzolari bilan xonadonma-xonadon yurgan holda yashash sharoitlari o‘rganilgan. O‘rganish davomidagi o‘tkazilgan suhbatlar natijasida 1286 nafar xotin-qizlarning migratsiyadan qaytishiga muvaffaq bo‘lindi. Migratsiyadan qaytgan ayollarning 42 nafari kasb-hunarga o‘qitilgan, 9 nafari tadbirkorlikka jalb qilingan, 694 nafariga tibbiy yordam, 41 nafariga moddiy yordam va 462 nafariga boshqa turli masalalar yuzasidan yordamlar ko‘rsatilgan.
Shahardagi har bir mahalladagi xotin-qizlar faollari tomonidan migratsiyadan qaytgan va migratsiyada bo‘lgan xotin-qizlar bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan. Ular tomonidan bu borada amalga oshirilgan ishlar Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rib boriladi.
Albatta, ushbu yo‘nalishda davomli ravishda olib borilayotgan ishlar xotin – qizlarni jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari, oilalari bag‘rida, farovonlikda va baxtiyorlikda yashashlari uchun shart-sharotilarni yaratish yo‘lidagi saʼy-harakatlardir.




