insurez
20-05-2025 16:33

OILA-MA’NAVIYAT VA INSONPARVARLIK MASKANI


Ma’lumki, shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab Xalqaro oila kuni doirasida oilalarni mustahkamligini ta’minlash, aholi, xususan yoshlar ongiga oilaning muqaddas qo‘rg‘on sifatida e’zozlanishi va uni asrash azaliy qadriyat ekanligini sindirishga qaratilgan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 29-son bayoni bilan tasdiqlangan 15-may - Xalqaro oila kunini keng nishonlash maqsadida 10-maydan –10-iyunga qadar “Farovon oila sari” oyligini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, Kattaqo‘rg‘on Davlat pedagogika institutida “Oila-ma’naviyat va insonparvarlik maskani” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasining o‘tkazilishidan ko‘zlangan maqsad ham shu.

Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, respublikamizning oila masalalari bo‘yicha yetakchi pedagog, psixolog olimlari, tuman, shaharlarning oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari, viloyat hamda shahar kengashi deputatlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova ochib bergan Konferensiyada so‘z olgan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova yurtimizda oilalar mustahkamligini ta’minlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida hamda bugungi konferensiyaning mazmun-moxiyati haqida so‘z yuritdi. Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimovaning shaharda amalga oshirilgan ishlar, oilalar mustahkamligini ta’inlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar yuzasidan taqdimoti namoyish etildi. Shuningdek, Konferensiya davomida oila masalalari bo‘yicha professor o‘qituvchilar va psixolog olimlarning oilalarni mustahkamligini ta’minlash, oilaviy qadriyatlarni asrash, ona-onalik masalalari mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi. “Oila-ma’naviyat va insonparvarlik maskani” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida oila, uning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, oilaga daxldor muammolar, mas’ul tashkilotlar, keng jamoatchilik oldidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Fikr-mulohazalar almashildi. Tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. Konferensiyaning ikkinchi qismida mehmonlar shahar bo‘ylab sayohat davomida keyingi yillarda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantrish, yo‘l infratuzilmasini, aholi farovonligini yaxshilash borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Konferensiyaning ikkinchi qismida “Farovon oila sari” oyligi doirasida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sohibalari, ahil oilalar, yosh kelin-kuyovlar ishtirokida “Oilalar sayli” (Oilafest); “Oila – bolalar nigohida” rasmlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar Kattaqo‘rg‘on suv omborida tashkil qilingan “Madaniyat va eko - turizm” klasterining ochilish marosimida ishtirok etdilar. Tadbir yakunida poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert Shou tashkil etildi..

Teglar
- -