Mehnat migratsiyasini huquqiy tartibga solishdagi muammolar
Bugungi kunda Xalqaro iqtisodiy aloqalarida mehnat migratsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Maʼlumotlarga koʻra, dunyo miqyosida ishchi kuchining norasmiy migratsiyasi koʻpayib bormoqda. Bunday ishchilar ijtimoiy, huquqiy jihatdan himoyalanmagan boʻlib, aksariyat hollarda yuqori malakali mutaxassislarning oddiy ishchi sifatida ishlashlari va ayrim hollarda mahalliy ishchilarga nisbatan bir necha barobar past haq olishlariga toʻgʻri kelmoqda.
Bugungi kunda davlatlar o‘rtasida mehnat migratsiyasini tartibga solishda normativ-huquqiy hujjatlarning уetarli emasligi, mazkur masalani huquqiy tartibga solishdagi muammolar, fuqarolar bilan ishlash, mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash borasida ayrim xususiy bandlik agentliklari tomonidan ishlar yetarli darajada tashkil etilmayotganligi kuzatilmoqda. Shu bilan birga davlatlar o‘rtasida va Xalqaro tashkilotlar tomonidan mehnat migrantlarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini to‘laqonli ta’minlash bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlardagi normalarni takomillashtirish talab qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasida ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama asosda xalqaro-huquqiy hujjatlarni qabul qilish orqali tashqi mehnat migratsiyasi sohasini tartibga solish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shu sababli Oʻzbekistondagi migratsiya jarayonlarini boshqarish muammolari, shakllari va usullari, mehnatkash-migrantlar huquqlarini himoya qilishning milliy va xalqaro-huquqiy asoslari, Oʻzbekistonlik migrantlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda NNTlarning roli kabi masalalar dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistonda mehnat migratsiyasini tartibga soluvchi alohida qonun mavjud emas. “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilgan, lekin hali qabul qilingani yo‘q. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining huquqiy holati va ularning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrlarini va pensiya belgilash, moliyalashtirish, ijtimoiy himoya bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiy xizmat ko‘rsatish, migrantlarning oila a’zolarini himoya qilish bilan bog‘liq muammolarning huquqiy asosi belgilanmagan.
Shu sababli bugungi kunda mehnat migratsiyasi sohasidagi qonunchilikning takomillashtirilish va bu orqali fuqarolarning manfaatlari va ularning mehnat huquqlarining xorijda himoya qilinishining kafolatli tizimini yaratish dolzarb masalalardan biriga aylangan.
Z.Abduraximov,
Kattaqo‘rg‘on shahar yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi boshlig`i