MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTIDA SEMINAR O‘TKAZILDI
Jamiyat a’zolarining, xususan yoshlarning qanchalik ma’naviyatli, yuksak bilim sohibi bo‘lishlari ushbu jamiyatning taraqqiyotiga xizmat qiladi. Bunda ayniqsa, maktabgacha ta’limning alohida o‘rni bor. Xalqimizda ham yoshlikda olgan bilim, toshga o‘yilgan naqsh kabi deb, bejiz aytilmagan. Davlatimiz rahbarining –“Biz uchun birinchi o‘rinda bolalarimizning ma’naviyati, bilimi, sog‘ligi. Shuning uchun davlat tomonidan maktabgacha ta’limga katta e’tibor berilyapti va bu hali boshlanishi. Sizlarning vazifangiz bolalarning ko‘zidagi nurni ilg‘ab olish, ularga yaxshi tarbiya berish”- deya ta’kilganlari ham fikrimizning isbotidir.
Albatta, Kattaqo‘rg‘on shahrida ham keyingi yillarda maktabgacha ta’lim sohasida juda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarning qiyofasi o‘zgardi. Moddiy texnik bazasi tubdan yaxshilandi. Ushbu o‘zgarishlarning natijasini birgina 8 maktabgacha ta’lim tashkiloti misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Shahar hokimi Gavhar Alimova, ta’lim sohasi xodimlari, jamoatchilik vakillari bugun mazkur ta’lim tashkilotida tashkil qilingan seminar doirasida buning guvohi bo‘ldilar.
Dastlab, ishtirokchilar muassasada bolajonlarning ta’lim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Ta’lim tashkilotida barcha o‘quv mashg‘ulotlari, to‘garaklar o‘tish uchun xonalar zamon talablari darajasida jihozlangan. Albatta ta’lim sifati ham shunga yarasha. Mashg‘ulotlar malakali pedagoglar tomonidan o‘tib kelinmoqda. Seminar davomida shuningdek, “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovida ishtirok etish bo‘yicha taqdimotlar bilan ham tanishdilar. Shuni aytish joizki ta’lim muassasa tarbiyachisi o‘tgan yilda ushbu tanlovning respublika bosqichida faxrli o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Seminar doirasida ayniqsa, bolajonlar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, musiqiy chiqishlar barchaga manzur bo‘ldi.
Shahar hokimi bu kabi tadbirlarni yanada ko‘plab tashkil qilish, o‘zaro tajriba almashish lozimligini, mashg‘ulotlarni o‘tishda ko‘proq milliylikni targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.
Seminarda shahar maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari o‘zaro fikr almashdilar.