insurez
20-06-2025 16:33

KTMPda Tibbiy Xizmat Sifati O‘rganildi: Islohotlar Jarayoni Doimiy E’tiborda


“Tibbiyotda 90 kun” dasturi doirasida Kattaqo‘rg‘on shahar Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i X.X. Xamrayev tomonidan Kattaqo‘rg‘on shahar Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada (KTMP) amalga oshirilayotgan islohotlar holati joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Tashrif davomida muassasadagi tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, infratuzilmaning mavjud holati, tibbiyot xodimlarining kasbiy tayyorgarligi va bemorlarga yaratilgan sharoitlar batafsil o‘rganildi.
KTMPda aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi zamonaviylashtirilmoqda — elektron navbat va tibbiy ma’lumotlar boshqaruvi (D-MED) tizimlari joriy etilmoqda, shuningdek, diagnostika va profilaktika bo‘limlari ilg‘or tibbiy uskunalar bilan jihozlanmoqda. Poliklinikada olib borilayotgan bu yangilanishlar aholiga tezkor, sifatli va shaffof xizmat ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Xodimlar bilan suhbat chog‘ida xizmat standartlariga amal qilish, tibbiy etika va bemorlar bilan muloqot madaniyatini oshirish, malaka oshirish kurslarida ishtirok etish zarurligi ta’kidlandi. Tashrif davomida tibbiyot birlashmasi rahbari tomonidan muassasa faoliyatida aniqlangan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, aholi vakillari bilan muloqot tashkil etilib, ularning fikr va takliflari eshitildi. Fuqarolarning tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi, mavjud muammolari va ehtiyojlari o‘rganildi. Profilaktik tibbiy ko‘riklarni kengaytirish, oilaviy shifokorlar faoliyatini kuchaytirish, mahalla bilan hamkorlikni mustahkamlash borasida muhim vazifalar belgilab olindi.
Tibbiyot birlashmasi rahbariyati tomonidan KTMP faoliyatini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmatning qamrovini kengaytirish hamda aholining salomatligini mustahkamlash yo‘lida zaruriy chora-tadbirlar belgilanmoqda. 

Teglar
- -