insurez
03-07-2024 09:22

Kattaqo‘rg‘on shahar IIBda yangi ma’muriy bino foydalanishga topshirildi


Bugun viloyatimizning har bir hududida qurilish, bunyodkorlik ishlari avjida. Eski binolar qayta ta’mirlanib, yangilari barpo etilib vohamiz chiroyi ko‘rkamlashmoqda.  Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi ma’muriy binosining ochilish marosimi ham ana shunday bunyodkorliklarning samarasi bo‘ldi. Bino tantanali ravishda foydalanishga topshirilmoqda.

Mazkur inshootning foydalanishga topshirilishida  viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov shahar  hokimi, keng jamoatchilik vakillari, soha xodimlari faxriylar ishtirok etdi. Tadbir doirasida boshqarma boshlig‘i davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar sohasiga qaratilayotgan  e’tibor va  uning ravnaqi  yo‘lida  bosqichma- bosqich amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Yurtdoshlarimiz xotirjamligi va farovonligini ta’minlashga xizmat qiluvchi mazkur bino zamonaviy, barcha talablarga javob bera oladigan tarzda bunyod etilgani alohida ta’kidlandi.

Rasmiy marosimdan so‘ng ramziy tasma qirqilib, bino foydalanishga topshirildi. Mehmonlar yangi binoda yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar bilan tanishishdi. 

Binoda jamoat xavfsizligi bo‘limi, sport zal, xodimlarga psixologik xizmat ko‘rsatish xonasi, kutubxona, o‘quv xonasi, ma’naviyat- ma’rifat xonasi, vatanparvarlik burchagi joy olgan. Tadbir doirasida binoning ko‘rkam tarzda qad rostlashida hissa qo‘shgan qo‘li gul quruvchilar mehnati e’tirof etildi.

Binodagi yaratilgan sharoit va imkoniyatlar ham “Inson manfaatlari har narsadan ulug‘” tamoyilining amaldagi ifodasi deyish mumkin.

Kitob yaxshi xazina. Faqat u yig‘ilganda emas o‘qilganda. Binodagi kutubxona xodimlarning ma’anaviy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur mo‘jaz kutubxona fondi endilikda boyitilib boriladi.

Aytish joizki, mazkur bino xalqimizning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladigan maskanlardan biriga aylanishi shubhasiz.

Umida Mamadalieva

Teglar
- -