insurez
27-11-2025 11:10

Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘I,v.b. podpolkovnik X.Murodovning shahardagi kriminogen vaziyat bo‘yicha profilaktik ogohlantiruvchi murojaati


Assalomu alaykum, shahrimiz fuqarolari!

Bugun sizlarga Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va Ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator muhim Qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida shahrimizdagi kriminogen vaziyat bo‘yicha har oy yakuni bilan “profilaktik ogohlantiruv murojaatim”ni yo‘llamoqdaman.

Shu maqsadda, shaxrimizda jinoyatlarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki sodir etilish sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha doimiy ravishda targ‘ibot choralari ko‘rilmoqda.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad bu albatta “profilaktik-ogohlantiruv murojaatim”ning sizlarga yetkazilishi va shahrimiz aholisiga kriminogen vaziyatdan ogoh qilish va fuqarolarni jinoyatlardan jabrlanib qolishini tushuntirishdan iborat.

Shunday ekan xalqimizning farovon, tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash, avvalo inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish va turmush farovonligini oshirish barcha Ichki ishlar xodimlarining oliy maqsadidir.

Shu sababli oktabr oyini kriminogen vaziyati bo‘yicha qisqacha ma’lumot berib o‘tmoqchiman.

Joriy yil 10 oy davomida jami 189 ta jinoyatlar qayd etilgan bo‘lib, shundan 95 ta yoki 50 foizi tashabbus orqali aniqlangan jinoyatlar, 92 ta yoki 49 foizi oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar 2 ta yoki 1 foizi axborot texnologiyalar orqali sodir etilgan jinoyatlardan iborat.

Bundan ko‘rinib turibdiki, boshqa tegishli tashkilotlar bilan profilaktik chora-tadbirlar yetarlicha olib borilishi natijasida shahrimiz hududida oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlardan qotillik, talonchilik, nomusga tegish va bosqinchilik bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Shuningdek mahallalalarda oldi olinishi lozim bo‘lgan - o‘g‘irlik jinoyati 22 ta sodir etilgan.

Shunday ekan mahallalarda profilaktik tadbirlar olib borilishi natijasida 30 ta mahallalarning 16 tasida yoki 53 foiz jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Shuningdek oktabr oyida 30 ta mahallalarning 2 tasi yoki 6 foiz G‘arb Machit va Qoriravot mahallalarida oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar yuqori bo‘lganligi sababli qizil toifaga kiritilgan.

Oktabr oyida xodimlar tomonidan aniqlanadigan jinoyatlar 50 foizga yaxshilandi.

Shundan Oktabr oyida 6 ta giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlanib, shulardan 4 ta tintuv tadbirlari o‘tkazilib, 4 nafar kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi va giyoxvand moddalari bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan qamoq jazosi berildi.

Olib borilgan tezkor-tadbirlar natijasida 6 ta jinoiy holat aniqlanib, 21,7 grammga yaqin giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.

Jinoyat sodir etib, qochib yurgan va hozirda ayblangan 4 nafar shaxslar ushlanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib qamoqqa olindi.

Bugungi kunda viloyat hududida fuqarolar tomonidan o‘tkir tig‘li jismlar bilan bog‘liq jinoyatlar kundan-kunga ko‘payib borayotganligi sababli shahar hududida bu kabi jinoyatlar sodir etilishini oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbir olib borilib, oktabr oyida 18 nafar fuqarolardan o‘tkir tig‘li jismlar daliliy ashyo sifatida olindi.

Buning natijasida o‘tkir tig‘li jism bilan bog‘liq og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi va buning oldini olish bo‘yicha kechayu-kunduz aholi gavjum jamoat joylarida fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlaridan iborat patrullik guruxlar tomonidan targ‘ibotlar olib borilmoqda.

Shahar hududida jinoyatlarni sodir etilishini oldini olish bo‘yicha birgina Oktabr oyida jami 866 ta ma’muriy huqubuzarlar aniqlanib, shulardan 44 tasiga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi, 84 nafari xushyorxonaga joylashtirildi, 31 nafari majburiy davolanishga yotqizildi, 4 nafar ruxiy kasallar davolanishga yotqizildi, 1 nafar voyaga yetmaganlar qarovsiz yurganligi sababli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi va qolgan 246 nafariga nisbatan boshqa tegishli moddalar bilan ma’muriy jarimalar qilindi.

Xonadonlar va boshqa hususiy ob’ektlarda o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilishini oldini olish maqsadida Oktabr oyi davomida 9 ta yuzni tanib oluvchi kameralar o‘rnatildi. Shulardan xonadonlar 1 ta, ko‘p qavatli uylar 2 ta, jamoat joylariga 2 ta va savdo do‘konlariga 4 ta kameralar o‘rnatilib, jinoyatlar sodir etilishi oldi olinmoqda. Oktabr oyi davomida 3 ta o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilib, 3 tasi fuqarolarimiz tomonidan o‘z mulkiga bo‘lgan e’tiborsizligi natijasida sodir etilayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Shunday ekan shahrimiz fuqarolari o‘zingiz va o‘z uyingizni asrash uchun sizlarga qo‘riqlash pultlariga ulanishingizni tavsiya qilaman.

Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim muammoli masalalar ham bor va ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil qilinmoqda.

Shu bilan bir qatorda:

Oila-turmush, ajrim yoqasidagi oilalalar, yaqin qarindoshlar va qo‘ni-qo‘shnilar orasida kelib chiqayotgan kelishmovchiliklar kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Bu kabi kelishmovchiliklarni oldini olish maqsadida mahallalarda yarashtiruv institutlarini jadal faoliyat olib borishini, mahalla yettiligi bilan hamkorliklarni kuchaytirishimiz lozim.

Aziz shahrimiz fuqarolari barchamiz yakdillik bilan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashsak albatta, shahrimizni jinoyatdan holi hududga aylantiramiz.

Bu ishlarni amalga oshirishda albatta keng jamoatchilik vakillari va Siz aziz fuqarolarimizga tayanamiz.

Murojaatim yakunida, Siz azizlarni yana bir bor ogohlikka chaqiraman.

O‘z uyimiz, o‘z mahallamizni o‘zimiz asraylik!

Teglar
- -