Halollik – taraqqiyot poydevori
Kattaqo’rg’on shahrida korrupsiyaga qarshi kurash tizimli tus olmoqda
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bilan bog‘liq huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul kilingan bo‘lib, 2017 yil 3 yanvardagi O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Shuningdek, unda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, ular: aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, unga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashdan iboratdir.
Shu maqsadda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi tomonidan ham bu yo‘nalishda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shahar hokimligi va shahrimizdagi barcha tashkilot-muassasalarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tizimi” joriy etilgan bo‘lib, har oyda tashkilot rahbarlari ishtirokida “Halollik kuni” o‘tkazilib, xodimlarga qonuniylik, javobgarlik, manfaatlar to‘qnashuvi va xizmat intizomini mustahkamlashga oid tushuntirishlar berib kelinmoqda.
Shahar hokimligi huzurida “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishchi guruh” faoliyat yuritadi. Guruh tarkibiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari kiritilgan. Ular tomonidan davlat dasturlari ijrosi, tender va tanlov jarayonlarining ochiqligi, shuningdek, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan muntazam tahlillar olib borilmoqda.
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi tomonidan mas’ul rahbarlar ishtirokida hamda shahardagi korxona, tashkilot va muassasalarda korrupsiyani oldini olish, korrupsiyani har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy ravishda profilaktik yig‘ilishlar, turli tadbirlar tashkil qilinib kelinmoqda.
Korrupsiyani oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya masalalari muhim hisoblanadi.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida aholimizning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish deputatlarga ham qator vazifalarni yuklaydi.
Xususan, Xalq deputatlar shahar Kengashi deputatlari tomonidan tashkilot va muassasalarda mazkur illatning oqibatlari va uning oldini olishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Xususan, shahar Kengashi huzuridagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha” Doimiy komissiya faoliyat yuritib, doimiy komissiyaning a’zolari fuqarolarni qabul qilishi va yig‘ilishlar o‘tkazishi uchun Kattaqo‘rg‘on Pedagogika Instituti binosida barcha sharoitlarga ega bo‘lgan alohida xonasiga ega.
Shuningdek, o‘tgan to‘qqiz oy davomida Xalq deputatlari shahar kengashi “Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha” Doimiy komissiyasi hamda “Kattaqo‘rg‘on tongi” gazetasi tahririyati tomonidan “Korrupsiya-taraqqiyot kushandasi” nomli grant loyihasi doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, ta’lim muassasalarida, idora va tashkilotlarda korrupsiya va uning oqibatlari, ushbu illatga qarshi kurashish borasidagi targ‘ibot tadbirlari, yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil qilindi. Aholi o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Albatta, bu boradagi tabirlarni doimiy ravishda o‘tkazilishida jamoat tashkilotlari, deputatlar ham munsib xissa qo‘shishlari lozim.
Shahar hokimligi rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “Ochiq budjet”, “Tenderlar”, “Ochiq ma’lumotlar”, “Murojaatlar” ruknlari orqali aholining murojaati va takliflarini qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi bu kabi choralar natijasida, shahar tashkilotlari faoliyatida ochiqlik, mas’uliyat va fuqarolarning davlat organlariga ishonchi yanada ortmoqda.
Albatta, shahrimizda doimiy ravishda bu boradagi ishlarni izchil davom ettirib, davlat xizmatchilari orasida “halollik, sadoqat va javobgarlik” tamoyillarini yanada chuqurroq singdirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Hurmatli hamshaharlar!
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Korrupsiyaga qarshi kurash umummilliy vazifamizga aylansagina, halollik, shaffoflik kundalik madaniyatimizning tarkibiy qismi bo‘lib, korrupsiyaning ildiziga suv quyadigan befarqlikni bartaraf eta olsakkina, ushbu illatni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashimiz mumkin.
Korrupsiya — jamiyat taraqqiyoti, adolat va halollikka eng katta tahdiddir. Shu bois har bir fuqaro, har bir xodim va jamoatchilik vakili bu illatga qarshi kurashishda befarq bo‘lmasligi lozim. Sizni ham o‘z hududingizda adolat, halollik va ochiqlik tamoyillarini qaror toptirishda faol bo‘lishga, korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarida fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishga chaqiramiz!
Kattaqo’rg’on shahar hokimligi




