insurez
28-04-2025 09:05

Davlat tomonidan bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi


Barchamizga ma’lumki O‘zbekiston Respublikasining 16.06.2023 yildagi O‘RQ-848-son “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.

Xo‘sh ushbu qonunda nimalar begilandi.  Ushbu Qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladigan ishlar roʻyxatiga fuqarolik, maʼmuriy va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari yaratildi.

Ushbu qonunning 9-moddasiga asosan Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega:

1) kam ta’minlangan shaxslar, agar ular:

Fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar;

Ma’muriy ishlar bo‘yicha arizachilar;

Ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar;

Jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek mahkumlar bo‘lsa;

2) ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, ularga “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda;

3) o‘z huquqlari buzilgan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar;

4) O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi.

Davlat hisobidan yuridik yordam faqat Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan ko‘rsatiladi.

Mazkur Qonunga asosan davlat hisobidan yuridik yordam advokatlar tomonidan amalga oshiriladi va bu advokatlar  elektron tanlash orqali inson omilisiz “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tasodifiy tanlanadi.

Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlar haqidagi maʼlumotlar ochiq va shaffof holda “Yuridik yordam” axborot tizimida eʼlon qilinadi.

Agar shaxs gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bo‘lib qolsa, davlat hisobidan yuridik yordam O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda ko‘rsatiladi.

Agar kam ta’minlangan shaxs mahkum bo‘lib qolgan taqdirda, davlat hisobidan yuridik yordam qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rsatiladi.

Davlat hisobidan yuridik yordam olish to‘g‘risida ariza berish jismoniy shaxslar eksterritoriallik prinsipi asosida maxsus vakolatli davlat organiga og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

Maxsus vakolatli davlat organining davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi qarori yoki advokat tayinlash to‘g‘risidagi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi “Yuridik yordam” axborot tizimida ro‘yxatga olinganidan keyin “Yuridik yordam” axborot tizimi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlardan birini avtomatik ravishda tanlaydi.

Ushbu qonun 18.08.2023-yildan kuchga kiradi.

 

Z.Abduraximov,

Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish

markazi boshlig‘i                                                                                

Teglar
- -