BITIRUVCHILARGA OLTIN VA KUMUSH MEDALLAR TOPSHIRILDI
Bugun Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligida shahrimizdagi umumta’lim maktablarini a’lo baholarga tamomlagan bitiruvchilarga oltin va kumush medallarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etgan shahar hokimi Gavhar Alimova bugun mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida navqiron avlod kamoloti yo‘lida beqiyos imkoniyatlar yaratib berilayotganini ta’kidlarkan, yigit-qizlarni bu imkoniyatlarni qo‘ldan boy bermaslikka chaqirdi, umrning yoshlik fasli o‘qib-izlanish, hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun eng qulay fursat ekanini qayd etdi. Shu o‘quv yilini shahrimizda muvaffaqiyatli yakunlandi, deyish mumkin. Boisi, bitiruvchilarning 14 nafari muddatidan oldin respublikamizdagi xalqaro va dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabalariga aylandi. Yuqori sinf o‘quvchilarining 319 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishdi. O‘tgan o‘quv yilida 21 nafar yoshlar oltin va kumush medallar bilan o‘qishni tamomlagan bo‘lsalar joriy o‘quv yilida ularning soni 38 nafarga yetdi. 34 nafar bitiruvchi oltin va 4 nafari kumush medal soxibiga aylandi. Tadbirda bitiruvchi yoshlarning vakillari ham so‘zga chiqib, orzu-istaklari, maqsadlari haqida gapirdilar. Ta’lim bergan ustozlariga minnatdorchiliklarini bildirishdi. Shuningdek, ota-onalar ham so‘zga chiqib, yangi hayot sari qadam qo‘yayotgan farzandlarining kelgusidagi o‘qish va ishlarida muvaffaqiyat tiladilar va shahrimizdagi barcha ta’lim sohasi fidoyilariga tashakkurlarini izhor etdilar. Albatta, bugungi hayajonli lahzalar bitiruvchi yigit va qizlarning qalblarida unutilmas voqea bo‘lib muhrlandi. Buni ularning ko‘zlarida shijoat va o‘zgacha quvonch aks etgani misolida ham ko‘rish mumkimn. Biz ham kelajak sari dadil parvozga chog‘langan yoshlarga hayotda o‘z o‘rinlarini topib, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishlariga omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz.