insurez
22-07-2025 14:13

BITIRUVCHILARGA DIPLOM TOPSHIRISH MAROSIMI BO‘LIB O‘TDI


Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilariga yetuklik diplomlarini topshirish tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ushbu lahzalar oliy taʼlim dargohlaridan mustaqil hayot sari yo‘l olayotgan yoshlar va ularning ota-onalari, ustozlari uchun ham quvonchli va hayajonli voqeadir. Negaki, ilmning mashaqqatli pillapoyasini mardonavor bosib o‘tgan azmu shijoatli yoshlar timsolida barkamol avlod kamoloti, xalqimiz farovon turmushi, jamiyatimiz ravnaqini ko‘ramiz.

Bugun Samarqand Davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialida professor-o‘qituvchilar, ota-onalar hamda bitiruvchi talaba-yoshlar ishtirokida tashkil qilingan diplomlarni topshirish marosimi ham yoshlar uchun quvonch va hayajonga to‘la lahzalarga boy bo‘ldi.

Tantanali tadbirni filial direktori Sherzod Urakov ochib berdi.

Tadbirda ishtirok etgan shahar hokimi Gavhar Alimova oliygohning ilk qaldirg‘och bitiruvchilarini ushbu unutilmas kun bilan muborakbod etdi. Ularni kelgusidagi o‘qish va ishlarida ulkan muvaffaqiyat va omadlar tiladi.

Ushbu o‘quv yilidi 423 nafar yoshlar o‘qishni tamomladi. Ularning 20 nafari imtiyozli diplomlarni qo‘lga kiritishdi. Bu albatta yoshlarga kelgusida oldilariga ulkan maqsadlarni qo‘yish va uni amalga oshirishga kuch bag‘ishlaydi.

Eʼtirof etish joizki, davlatimiz va Prezidentimiz eʼtiborida bo‘lgan yoshlar uchun yaratib berilgan keng imkoniyatlar tufayli filial talaba-yoshlari ham viloyat, respublika va xalqaro miqyosda qator yutuqlarga erishdilar. Ko‘plab stipendiyalarining sovrindorlari bo‘ldilar.

Talabalar, yaratilgan imkoniyatlar uchun, o‘z sohalarining yetuk mutaxassilari darajasiga yetishlari yo‘lida ularga ilm bergan ustozlariga samimiy minnatdorchiliklarini izhor etdilar.

Bugungi tadbir ayniqsa, yetuklik darajasiga erishib, yangi hayot sari qadam bosayotgan farzandning quvonchiga sherik bo‘layotgan ota-onalar uchun unutilmas bo‘ldi. Ular bunga sababchi bo‘lgan ustoz va murabbiylarga o‘zlarining dil izhorlarini bidirdilar.

Sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan ajoyib kuy va qo‘shiqlar tadbirga yana-da ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Biz ham filial yoshlarining yillar davomida egallagan bilimlarini el-yurt ravnaqi yo‘lida sarf qilib, mamlakatimiz rivojida hissa qo‘shishdan hech tolmaslikni, kelgusidagi ishlarida omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Teglar
- -