insurez
17-05-2025 17:56

amarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali bir guruh lider talabalari delegatsiyasi Jizzax davlat pedagogika universitetida bo'lishdi


Bugun ta'limga oid islohotlar ko'lami tobora kengayib borayotgani doimiy izlanishlar, sohaga oid eng so'nggi tajribalarni hayotga tatbiq etishni taqozo etmoqda. Bu borada yurtimiz oliygohlari o'rtasidagi o'zaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega.

Shu nuqtayi nazardan Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali bir guruh lider talabalari, Yoshlar ittifoqi Boshlang‘ich tashkiloti faollaridan iborat delegatsiya Jizzax davlat pedagogika universitetida bo'lishdi. 

Filial direktorining birinchi o‘rinbosari Shomurod Mustafayev boshchiligidagi delegatsiya a'zolarini universitetning Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektori S.Nazarqosimov kutib oldi.

Universitet bilan tanishish jarayonida talabalarimiz fan laboratoriyalari, steam park, inkubatsiya xonalari, sport va mashg‘ulot zallari, registrator ofisi, universitet muzeyi hamda yaqindagina o‘z faoliyatini boshlagan 7/24 rejimdagi talabalarga va butun Jizzax ahliga xizmat ko‘rsatayotgan kutubxonada bo‘lishdi. 

Universitetning musiqa taʼlimi yo‘nalishi ijodkor ustoz va talaba-yoshlari tomonidan ijro etilgan musiqa va ashulalar filialimiz lider talaba-yoshlariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. 

Shuningdek, universitet Yoshlar yetakchisi, psixologi faoliyati bilan tanishilib, kelgusidagi hamkorlik ishlari uchun kelishib olindi.

E'tirof etish joizki SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali yoshlar delegatsiyasi Jizzax davlat pedagogika universiteti bilan qator o‘zaro hamkorlikka erishdi. 

Jumladan, talabalar bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishda raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida tajriba almashish, bu borada doimiy hamkorlik qilishga qaratilgan memorandum imzolandi. 

SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali yoshlar delegatsiyasi Jizzax shahridagi Sharof Rashidov milliy bog'i, Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi hamda ijodkorlar haykallari o'rnatilgan bog‘ bilan tanishib, sayr qilishdi.

Bir so'z bilan aytganda ushbu tashrif ikki oliy ta'lim muassasasini mustahkam hamkorlikka erishishi, o'zaro tajriba almashishida muhim ahamiyatga ega bo'ldi.

Teglar
- -