“Yuksalish” harakati Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti ekspertlari bilan hamkorlikda davlat boshqaruvi tizimidagi rahbar ayollar reytingini yangiladi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Saylov kodeksida deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi bo‘lishi zarurligi mustahkamlab qo‘yildi.
Hozirgi vaqtda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetdi. O‘zbekistonda olimlarning 48 foizi ayollar. Tadbirkor xotin-qizlar soni 205 mingdan oshdi. 17 nafar ayol “O‘zbekiston Qahramoni” degan oliy unvonga sazovor bo‘lgan. Jahon bankining e'lon qilingan indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi.
Shu islohotlar samarasini ko‘rsatish maqsadida “Yuksalish” harakati tomonidan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlar rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotgan, sohalarda muhim vazifalarni bajarib kelayotgan rahbar ayollarning yillik reytingini tuzish an’anaga aylangan.
Yetakchi ayollar ro‘yxatini shakllantirishda ekspertlar tomonidan Respublika miqiyosida 300 nafardan ortiq nomzod faoliyati tahlil qilindi. Reyting ularning kasbiy yutuqlari, faoliyat yuritayotgan tarmoqlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, shuningdek nomzodlarning ijtimoiy faolligi tahlili asosida tuzildi.
Reytingning asosiy vazifalari:
— Boshqaruv va strategik qarorlarni qabul qilishda ayollarning rolini ko‘rsatish;
— Yosh avlodni yuqori professional natijalarga erishishga ilhomlantirish;
— Kasbiy muhitda gender tengligini rivojlantirishga ko‘maklashish.
Reytingga kirgan ayollar turli sohalarda faoliyat yuritadi, jumladan, Prezident Administratsiyasi tizimida – 5 nafar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida – 3 nafar, Senatda – 2 nafar, Vazirlar Mahkamasida – 6 nafar, mahalliy boshqaruv tizimida – 4 nafar, qo‘mitalar, idoralar va markazlarda – 8 nafar, prokuratura organlarida bir nafar, ta'lim sohasida – 3 nafar, moliya sohasida – 2 nafar, inson huquqlarini himoya qilish sohasida – 2 nafar vakil.
Ushbu reyting ayollarning mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini ta'kidlash va yangi avlod rahbarlarini ilhomlantirish uchun mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, “Yuksalish” harakati tomonidan har yili 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan davlat boshqaruvidagi rahbar ayollar reytingi e'lon qilib kelinadi. Avvalgi reytinglar 2020, 2021, 2022, 2023- va 2024-yillarda tuzilgan bo‘lib, 2023-yilda mintaqa ekspertlari ko‘magida ilk bor Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari reytingi ham shakllantirilgan edi.
"Yuksalish" harakati matbuot xizmati