XOTIN-QIZLAR FAROVONLIGI – INSON QADRINING IFODASI
“Inson qadri uchun, inson baxti uchun! degan olijanob maqsadni barchamiz birgalikda amalga oshiramiz”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Maqolada Yangi O‘zbekistonda inson qadri va xotin-qizlar manfaatini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar Kattaqo‘rg‘on shahri misolida tahlil qilingan. Xotin-qizlarga sayohatlar, moddiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordamlar ko‘rsatilishi, ajrim yoqasida turgan oilalar bilan ish olib borilishi yoritilgan. Shuningdek, ta’lim va tadbirkorlik sohasida yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritilgan.
Kalit so‘zlar: inson qadri, xotin-qizlar manfaati, ijtimoiy himoya, moddiy yordam, huquqiy yordam, psixologik qo‘llab-quvvatlash, tibbiy xizmat, oila mustahkamligi, zo‘ravonlikka qarshi kurash, ta’lim va kasb-hunar.
Shu aziz Vatanda inson ulug‘dir. Alloh barcha mavjudotlar ichra eng oliy zot qilib Hazrati Insonni yaratdi. Inson manfaatlari har narsadan ulug‘ va qadrlidir. Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Inson qadri uchun!” tamoyilini barcha sohalarda dasturilamal sifatida belgilab berdilar.
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida Mustaqilligimizning 34 yilligi nishonlanmoqda. Bu bayram munosabati bilan ham inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xotin-qizlar va farzandlar taqdiri uchun amalga oshirilgan ishlar sarhisobini ko‘rib chiqish lozim bo‘ladi.
Kattaqo‘rg‘on shahri misolida olib qarasak, so‘nggi yillarda
xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash yo‘lida qator amaliy ishlar qilinmoqda.
Avvalo, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan birga sayohatlar tashkil etilib, Bo‘stonliq tumani, Xorazm va Buxoro viloyatlari bo‘ylab 500 dan ziyod
xotin-qizlar sayohatlarga chiqarildi. Bu ularning dunyoqarashini kengaytirish, milliy qadriyatlarga bo‘lgan ehtiromini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlari ham izchil olib borilmoqda. Jumladan, 1500 dan ortiq xotin-qizlarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Uy-joyga muhtoj bo‘lgan 60 ga yaqin oilalarga yangi uy-joylar topshirilib, ularning turmush sharoiti yaxshilandi.
Sog‘liq inson uchun eng ulug‘ ne’mat. Shu bois Kattaqo‘rg‘on shahrida 100 dan ortiq xotin-qizlar va ularning farzandlariga jarrohlik amaliyotlari amalga oshirildi, 200 dan ziyod tibbiy yordamlar ko‘rsatildi. Shuningdek, psixologik qo‘llab-quvvatlash ishlari tashkil etildi, huquqiy maslahatlar berildi.
Bundan tashqari, ta’lim va kasb-hunar sohasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Vazirlar Mahkamasining 402-sonli qarori asosida davlat grantlari uchun 50 dan ziyod xotin-qizlarga tavsiyanoma berildi. Kasb-hunarga qiziqqan va tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan 500 dan ortiq xotin-qizlar bepul o‘qitilib, imtiyozli kreditlar olishiga va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashildi.
Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni himoya qilish, ularga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ajrim yoqasida turgan oilalar bilan yakkama-yakka ishlash, ularning muammolarini o‘rganish va bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashda amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat ijtimoiy himoya, balki ularning ma’naviy, huquqiy, iqtisodiy va tibbiy jihatdan to‘liq ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.
Zero shoir aytganidek, Odam bo‘lib keldik, odam bo‘laylik, Elimiz dardiga malham bo‘laylik.
Kuchkarova Shaxlo Botirovna
Kattaqo‘rg‘on shahar hokim o‘ringbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i.