VOYAGA YETMAGANLAR ISHLARI BOʻYICHA KOMISSIYANING MUHOKAMA YIGʻILISHI OʻTKAZILDI
Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyaning muhokama yigʻilishi oʻtkazildi. Komissiya raisi shahar hokimi Gavhar Alimova rahbarligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda komissiya aʼzolari, masʼul idora va tashkilotlarning vakillari, mahallalar yettiligi, taʼlim muassasalar rahbarlari, nazoratdagi voyaga yetmagan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Dastlab, oʻtgan vaqt davomida komissiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Komissiya aʼzolarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish, huquqbuzarliklarni oldini olish, masʼul boʻlgan davlat idoralari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ishlari yuzasidan maʼlumotlari eshitildi. Yigʻilishda taʼlim muassasalari va mahallalar kesimida voyaga yetmaganlar bilan ishlash boʻyicha yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar tahlil qilinib, bu borada kelgusidagi ishlarni jonlantirish yuzasidan masʼullarga zaruriy topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yigʻilishda voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning nazoratsiz, qarovsiz qolishi hamda ular oʻrtasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish choralarini koʻrish, bu borada masʼul idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish, voyaga yetmagan yoshlarning tafakkurini yuksaltirish hamda huquqiy savodxonligini oshirish borasidagi tadbirlarni kuchaytirish, jazoni ijro etish joylaridan ozod boʻlgan yoshlar bilan ishlash va voyaga yetmaganlarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha kelgusidagi muhim vazifalar belgilab olindi.