insurez
29-04-2024 12:13

“UCH AVLOD UCHRASHUVI” TADBIRI O‘TKAZILDI


Bugun Kattaqo'rg'on shahar Chinobod mahallasida 2000-yilda Surxandaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tog‘li hududlarida mamlakatimiz tinchligini buzishga qaratilgan tahdidni qaytarishda jasorat ko‘rsatgan kattaqo‘rg‘onlik Ulug‘bek Barnoevning xonadonida “Uch avlod urashuvi” tadbiri o‘tkazildi.

“Xotira va qadrlash kuni” arafasida tashkil qilingan ushbu tadbirda shahar hokimi Gavhar Alimova, viloyat “Nuroniylar” jamg‘armasi raisi Shuhrat Negmatov, faxriylar, yozuvchi va jurnalistlar, harbiylar, yoshlar vakillari va U.Barnoevning ota-onasi ishtirok etishdi.

Uch avlod vakillari ishtirokidagi ushbu tadbir ilk bor yurtimiz qaxramonlarining yashab o‘tgan xonadonlarida tashkil qilindi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mustaqilligimizning dastlabki yillarida sodir bo’lgan voqealar, Ulug‘bek Barnoev va uning safdoshlarini vatanparvarligi, ko‘rsatgan jasorati bilan birga, yurtimizdagi bugungi tinchlikni qadriga yetish, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar va bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish lozimligi to‘g‘risida ham to‘xtalishdi.  

Tadbir yakunida yoshlar U.Barnoevning hayoti va xizmat davriga oid foto suratlar hamda ko'rsatilgan e’tiroflar namunalari bilan tanishishdi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.

Teglar
- -