TIBBIYOT TEXNIKUMIDA XOTIRA TADBIRI O‘TKAZILDI
Xotira shunday ruhiy-maʼnaviy qudrat-ki, u insonning insonligini anglatuvchi, uni o‘tmish va istiqbol bilan bog‘lab turuvchi buyuk qadriyatdir.
Bugun Kattaqo‘rg‘on shahar Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida ham 9 may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unda shahar hokimligi va keng jamoatchilik vakillari, texnikum rahbariyati, uzoq yillar davomida faoliyat ko‘rsatgan faxriy o‘qituvchilar va yoshi ulug‘ ustoz-murabbiylar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar o‘tganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Tadbirda so‘z olgan shahar hokimi Gavhar Alimova bu kabi tadbirlar yurtimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarga hamohang tarzda bo‘lib o‘tayotganligini, insoniyat yashar ekan xotira abadiy va qadr muqaddas ekanligini taʼkidladi.
Tadbir davomida shahar madaniyat bo‘limining musiqiy chiqishlari hamda texnikum o‘quvchilarining sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.