Tadbikorlarning taklif va muammolari o‘rganildi
Samarqand viloyati soliq boshqarmasi rahbariyati viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida bo‘lib, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazmoqda.
Tadbirkorlar safini yanada kengaytirish, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishlarini ta’minlash maqsadida tashkil etilayotgan uchrashuvlarda soliq qonunchiligiga oid o‘zgarish va yangiliklar haqida so‘z yuritilib, xususiy sektor vakillarining mavjud muammo va takliflari o‘rganilmoqda.
Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Elyor Tollievning Kattaqo‘rg‘on shahrida tadbirkorlar bilan uchrashuvida ham soliq sohasidagi so‘nggi o‘zgarishlar, xususan Prezidentimizning joriy yil 19-martdagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Kattaqo‘rg‘on shahrida jami 562 ta kichik va o‘rta biznes sub’ektlari aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Ularning 495 tasi yuridik shaxslar, 67 tasi esa yakka tartibdagi tadbirkorlar hisoblanadi.
Shu bilan birga, 1424 nafar yakka tartibdagi tadbirkor qat’iy belgilangan soliq to‘lash tartibida faoliyat olib bormoqda. Bu esa shaharda kichik savdo, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalardagi mikrobiznes sub’ektlarining soni ancha kengligidan dalolat beradi.
Ayni paytda, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 13629 nafarni tashkil etmoqda. Bu raqam yurtdoshlarimizning mehnat bozoridagi faolligi, oilaviy va kichik hajmdagi xizmat turlariga talabning oshib borayotgani hamda o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlashga bo‘lgan intilish yuqoriligini ko‘rsatadi.
Ta’kidlash joizki, hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan qulay soliq muhiti, raqamlashtirish orqali yuritilayotgan shaffof tizim va maslahat-maddiy ko‘maklar tadbirkorlik faoliyatini yanada faollashtirishga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda boshqarma boshlig‘i tomonidan tadbirkorlarning mavjud muammo va takliflari eshitildi. Ba’zi masalalar shu joyning o‘zida mutaxassislar tomonidan bartaraf etildi.
Soliq intizomiga qat’iy amal qilgan tadbirkorlar tashakkurnoma bilan taqdirlandi.