Sudlarda tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi
Prezident farmoni bilan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etilmoqda. Ularga sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi.
10 may kuni prezident Shavkat Mirziyoevning «Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritiladi. Ular sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasini ko‘rib chiqadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi. Ular ko‘rib chiqadigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.
Farmonga muvofiq, tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi:
Sanksiyalar:
- qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma;
- qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘liq iltimosnoma;
- pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
- murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;
- pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;
- tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma;
- telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;
- mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;
Majburlov choralari:
- ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
- shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;
- ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi;
- ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
- Prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomasi.
«Tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi» — deyiladi farmonda.
Ularni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi, tashkiliy faoliyatlariga Qoraqalpog‘iston sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Harbiy sud raislari rahbarlik qiladi.
Tergov sudyasi lavozimi uchun shtat birliklari sudlarning mavjud shtat birliklari hamda 2025−2027 yillar uchun ajratiladigan qo‘shimcha shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.
Samarqand viloyat sudining sudyasi
TO‘RAEV ZAYNIDDIN
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
OLTIBOEV ABDIXAKIM