SIZGA TA’ZIM-SIZGA EHTIROM!
8-mart- Xotin-qizlar bayrami go‘zal va betakror yurtimizga bahor nafasi kirib kelganidan darak beradi. Ayol deganda ko‘z o‘ngimizda avvalo, ulug‘ va tabarruk ona siymosi gavdalanadi. Onani e’zozlash — bizning xalqimiz uchun oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan fazilatdir. Zero, ayollarni qancha ulug‘lasak, hayotimizning chirog‘i, umrimizning guli deb e’zozlasak, demakki, oilamizni, Vatanimizni e’zozlagan bo‘lamiz.
Kuni kecha shahar hokimligi tomonidan ana shunday e’tirofga loyiq, munis opa singillarimiz va mo‘tabar ayollarning bayrami 8 mart -Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirni ochib bergan shahar hokimi Gavhar Alimova xotin-qizlarni bayram bilan qutladi va o‘zining samimiy va ezgu tilaklarini bildirdi.
-Muhtaram Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, "Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz. Ayniqsa, siz, azizlarning sog‘lom zurriyod, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishdagi o‘rningiz va xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab, baholab bo‘lmaydi. Sizlarning mehr-muhabbatingiz, vafo va sadoqatingiz, fidoyiligingiz sababli hayotimiz charog‘on. Sizlar tufayli oilalarimizda tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka hukm surayotgani uchun barchangizga har qancha tasanno aytsak, arziydi, albatta”, -degan so‘zlari ham biz ayollarga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtiromning yuksak namunasidir, - deya ta’kidladi shahar hokimi o‘z so‘zida.
Bugun shahrimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, oilalar tinchligi va mustahkamligini ta’minlash, jamiyat rivojida kattaqo‘rg‘onlik xotin-qizlarning ham munosib hissalari bor. Tadbir davomida ana shunday o‘zining samarali faoliyati bilan turli sohalarda mehnat qilib kelayotgan bir guruh xotin-qizlarga shahar hokimligining tashakkurnomasi va bayram sovg‘alari taqdim etildi.
Latofatli ayollarimizning bayram tadbiri shahar Madaniyat bo‘limi san’atkorlarining ajoyib kuy va qo‘shiqlari bilan davom etdi.