Shaxsni o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazganlik uchun qanday javobgarlik bor?
Shaxsni qo‘rqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki bunga suiqasd qilish darajasiga yetkazish 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
- moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan shaxsga nisbatan;
- voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;
- bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
- telekommunikatsiya tarmoqlari, Internet tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish va o‘zini o‘zi o‘ldirishga undashga oid har bir jinoyat ishini ko‘rishda sodir etilgan jinoyatning barcha holatlarini har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirish to‘g‘risidagi qonun talabiga rioya qilish zarur.
O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish va o‘zini o‘zi o‘ldirishga undashga oid har bir jinoyat ishini ko‘rishda sodir etilgan jinoyatning barcha holatlarini har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirish to‘g‘risidagi qonun talabiga rioya qilish zarur.
Shakl va mazmuni bo‘yicha qonuniy bo‘lgan harakatlar natijasida o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki unga suiqasd qilish sodir etilgan taqdirda, bu harakatlarni sodir etgan shaxsga nisbatan JKning 103-moddasi tatbiq etilmaydi.
Bu o‘rinda oddiy haqoratlash, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish bo‘yicha yagona bir arzimas gaplar bu xil harakatlarning muttasil (bir necha bor) sodir etilishini talab qiluvchi JKning 103-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat tarkibini tashkil etmaydi va bunday hollarda javobgarlik shaxsga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni taqozo qiluvchi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha kelib chiqadi.
Rahmsiz muomala deganda, jabrlanuvchiga nisbatan qo‘pol va ayovsiz munosabatda bo‘lib, unga jismoniy yoki ruhiy azob yetkazish (masalan, muttasil kaltaklash, oziq-ovqatdan, suvdan va boshqalardan mahrum etish) hollarini tushunish lozim.
Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda tahqirlash deganda, jabrlanuvchining sha’ni va g‘ururini bir necha marta tahqirlashni (masalan, tuhmat qilish, haqoratlash, ta’qib etish va hokazolarni) tushunish kerak.
Sudlanganlarning harakatini Jinoyat kodeksi 103-moddasining tegishli qismlari bo‘yicha to‘g‘ri tavsiflash zarur, chunki ushbu moddaning 2-qismi jabrlanuvchining moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaramligining mavjudligini talab qiladi, bu esa ushbu shaxslar o‘rtasida haqiqatan ro‘y bergan va mavjud bo‘lgan munosabatlarga baho bergan holda aniqlanishi lozim.
Moddiy qaramlik deganda jabrlanuvchining aybdordan qonun bilan belgilangan moddiy yordam (pul, oziq-ovqatlar, kiyim-kechaklar va hokazolar) olib kelganligini yoki uning bevosita qaramog‘ida bo‘lganligi holatlari tushunilishi lozim.
Boshqacha qaramlik deganda, xizmat yoki boshqacha qaramlikni (masalan, boshliqqa, o‘qituvchiga, rahbarga, qarindoshlarga, vasiylik va tarbiyalashni amalga oshirish va boshqalar bilan bog‘liq qaramlikni) tushunish zarur.
Qo‘rqitish, rahmsiz munosabatda bo‘lish yoki shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish yo‘li bilan sodir etiladigan o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd qilishdan farqli ravishda o‘zini o‘zi o‘ldirishga undashda (JK 103-1-moddasi) aybdor ko‘ndirish, aldash yoki insonning erkini sindiruvchi boshqa yo‘l bilan (masalan, tushkunlikka soluvchi g‘oyaviy tashviqot orqali) qasddan boshqa shaxsda o‘zini o‘zi o‘ldirishga nisbatan qat’iyatni qo‘zg‘atadi.
Sub’ektiv tomondan o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish egri qasd yoki oqibatiga nisbatan ehtiyotsizlik bilan, o‘zini o‘zi o‘ldirishga undash esa, qasddan sodir etiladi.
JK 103-moddasida nazarda tutilgan jinoyat sodir etilishi oqibatida qandaydir sabablarga ko‘ra inson o‘limi kelib chiqmagan hollarda aybdorning harakatini JK 25-moddasi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi, chunki JK 103-moddasi nafaqat o‘zini o‘zi o‘ldirish, balki, o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd qilish darajasiga yetkazish uchun ham javobgarlikni nazarda tutadi.
JK 103-1-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan ham JK 25-moddasini qo‘llash talab etilmaydi, chunki mazkur jinoyat shaxs o‘zini o‘zi o‘ldirishga undalgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Samarqand viloyat sudining sudyasi
To‘raev Zayniddin
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
Abdixakim Oltiboev