SHAHAR HOKIMINING BITIRUVCHI QIZLAR BILAN UCHRASHUVI SAMIMIY BO‘LDI
“Qiz bolaning o‘qitilishi butun jamiyatga ta’lim berish bilan teng”, “Bitta qiz farzandni o‘qitsangiz - butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz” deb bejiz aytishmagan. -Yoshligidan qiz bola ozodalik, shirinsuxanlik, o‘zidan kattalarni doimo hurmat qilib borishni o‘rganishi lozim. Eng asosiysi qiz bola har doim ilm olishga intilishi kerak. Bugun shahar hokimi Gavhar Alimovaning shahrimizdagi maktablarning bitiruvchi qizlari bilan o‘tkazgan uchrashuvi ushbu masalaga bag‘ishlandi. Qiz bola tarbiyasi o‘ta nozik tarbiyadir. Xalqimizda “onasini ko‘rib qizini ol” degan gap bor. Bu gapning zamirida ulkan ma’no mujassam. Oilada qiz bola onasining yurish-turish munosabati, hunarmandligidan dars oladi, shu hislatni hayotida tatbiq etishga harakat qiladi. Prezidentimiz farzandlar tarbiyasi va ularning barkamol avlod bŭlib yetishishida odob-¬axloqning ŭrni katta ekanini ta’kidlab, “Mening eng katta tashvishim, maqsadim - yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda qanot bo‘ladi, -deganlar. Shu boisdan bugun yurtimizda qizlarning ta’lim-tarbiya olishlariga alohida e’tibor qaratilgan va buning uchun ulkan imkoniyatlar yaratilgan. Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir”, - deya ta’kidladi shahar hokimi o‘z so‘zida. Shahar hokimi shahrimizdagi umumta’lim maktablarida a’lo baholarga o‘qishi bilan birga sport va olimpiada, turli tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelayotgan bitiruvchi qizlarning yutuqlarini e’tirof etdi. Joriy yilda umumta’lim maktablarning 11-sinfini bitirayotgan 840 nafar o‘quvchilarning 491 nafari (58.6%) qiz bolalarni tashkil etadi. 34 nafar oltin va 4 nafari kumush medallarga davogarlik qilayotgan bitiruvchilarning 25 nafari, milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan 158 nafar o‘quvchilarning 110 nafari qizlardan iborat. Shahrimizda sportchi qizlarimizdan 3 maktab o‘quvchisi Sevara Mamatova Boks bo‘yicha Jahon chempioni va ikki karra Osiyo chempioni kamarini qo‘lga kiritdi. Uning izdoshi sifatida 3 maktab o‘quvchisi Parvina Shakarova ham shu yilda Iordaniyada o‘tkazilgan musobaqada boks bo‘yicha Osiyo chempioni kamarini qo‘lga kiritdi. Shu maktab o‘quvchisi Shodiyona Maxmudova ham Dubay shahrida sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha musobaqada faxrli 2 o‘rinni qo‘lga kiritdi. 20 maktabning 11- sinf o‘quvchisi Soliha Dagarova -Turin politexneka universiteti tomonidan o‘tkazilgan “Dasturchi qizlar” respublika tanlovida 1-o‘rinni egallab, ushbu universitetga talabalikka qabul qilindi. 11- maktab o‘quvchisi Mohinur Abdujabborova “Eng iste’dodli kitobxon” respublika tanlovida 2- o‘rinni, Aminova Feruza “O‘zbek tilim- jonu dilim” insholar tanlovining respublika bosqichida faxrli 1- o‘rinni egalladi. Albatta, qizlarimizning bu yutuqlari bizning ham faxrimiz. Bunda ustozlarning ham mehnatlarini e’tirof etish o‘rinli. Shuningdek, uchrashuvda iqtidorli qizlar ham o‘zlarining tilaklarini izhor etdilar va bugun shahrimizda qizlarga berilayotgan e’tibor, ta’lim olishlari, kasb-hunar egallashlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar. Shundan so‘ng so‘z olgan shahar prokurori Ismoil Nuriddinov shahrimizda yoshlarning berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib turli yutuqlarni qo‘lga kiritayotanliklari, xalqaro va milliy sertifikatlarni olishlari yildan- yilga oshayotganligini, shahar maktablari reytingining respublikda yuqori ekanligi haqida gapirar ekan, albatta, bu bilan cheklanmay yanada yangi marralar sari qadam tashlash lozimligini ta’kidladi. Uchrashuv davomida so‘z olganlar bugun yoshlarning mana shunday muvaffaqiyatlarga erishayotganliklari, munosib ta’lim-tarbiya olayotganliklari bu yurtimizda ta’lim sohasiga, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilayotganining natijasi ekanligini qayd etdilar. Tadbir so‘nggida Kattaqo‘rg‘on shahri azaldan ziyoli shahar ekanligi, juda ko‘plab ziyoli insonlar, ilm-ma’rifatli, yetakchi ayollar yetishib chiqqanligi alohida e’tirof etildi. Yangi hayot sari qadam qo‘yayotgan qizlarni ularga munosib ravishda yetuk va barkamol inson bo‘lib, kelgusida Kattaqo‘rg‘on shahrining dovrug‘ini jahonga tanitishlarini tiladilar.