Shahar hokimi "Ishbilarmonlik Markazi” faoliyatini o‘rgandi
Joriy yilning aprel oyida Kattaqo‘rg‘on shahrida “Ishbilarmonlik Markazi” binosi foydalanishga topshirilgan edi. Hozirgi kunda ushbu markazda “O‘zMilliy bank AJ Tadbirkor” bank xizmatlar ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, “Finance IT academy” MCHJ tomonidan yoshlarga kompyuter savodxonligi, dasturlash, treyding, SMM ko‘nikmalari hamda koreys va ingliz tili o‘rgatib kelinmoqda.
Bugun shahar hokimi Gavhar Alimova ushbu markazda bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan o‘quv markazi faoliyati hamda aholi va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatayotgan “O‘zMilliy bank AJ Tadbirkor” bank xizmatlar ofisida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Shahar hokimi markazda olib borilayotgan mashg‘ulotlardagi tinglovchi yoshlar bilan suhbatlashib, ularga bugungi kunda dolzarb bo‘lgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘rganishning muhim jihatlari bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi axborot xizmati.