SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNA ICHKI ISHLAR XODIMLARIGA TABRIK YOʻLLADI
Assalomu alaykum hurmatli Ichki ishlar tizimi xodimlari, soha faxriylari!
Avvalo, Sizlarni 25 oktyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Shu oʻrinda bugun Sizning mamlakatimizda jamoat tartibi va tinchlik-osoyishtalikni saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi fidokorona mehnatlaringizni yuksak eʼtirof etgan holda xalqimiz ham ushbu mashaqqatli ammo sharafli xizmatlaringizni yaxshi anglashi va qadrlashini mamnuniyat bilan ayta olamiz.
Zero, keyingi yillarda boshqa sohalar singari ichki ishlar tizimida ham keng koʻlamdagi islohotlar hamda ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan xalqchil tizimga aylantirish yoʻlida katta ishlar olib borilmoqda.
Tizimdagi barcha tarkibiy va hududiy boʻlinmalar, jumladan, profilaktika, jinoyat qidiruv, tergov, yoʻl-patrul va patrul-post xizmatlari, ekspert-kriminalistika va pasport boʻlinmalarining mutlaqo yangi tartibda qayta shakllantirilgani, xodimlar xizmat faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarning yaratilgani fikrimizning isbotidir.
Ushbu imkoniyatlar va shart-sharoitlar, amaldagi islohotlar natijasida ichki ishlar organlari zamonaviy texnika bilan taʼminlangan, xalqchil, mustahkam va ishonchli, ixcham tuzilmalarga aylanib bormoqda.
Albatta, bugun mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimi zamon talablari darajasida takomillashayotgan bir davrda Kattaqoʻrgʻon shahar Ichki ishlar boʻlimi xodimlarining ham oʻz vazifalarini fidoyilik bilan ado etayotganligini alohida eʼtirof etish oʻrinli. Sizning aholi hamda oʻzini oʻzi boshqarish idoralari bilan hamkorlikdagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishdagi samarali faoliyatingiz bugun sezilarli samara bermoqda.
Qolaversa, ichki ishlar boʻlimi shaxsiy tarkibining nafaqat kasb mahorati, balki maʼnaviy-maʼrifiy, siyosiy-ijtimoiy va huquqiy bilimini oshirish borasida olib borayotgan ishlari ham sohadagi yutuqlarni koʻpayishiga xizmat qilyapti.
Sizni yana bir bor Kasb bayramingiz bilan qutlayman. Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qolaman. Vatanimiz himoyasi yoʻlida olib borayotgan faoliyatingizda ulkan zafarlar yor boʻlsin!