insurez
29-05-2024 16:45

SAMDU KATTAQO'RG'ON FILIALINING ILK QALDIRG'OCHLARI BITIRMOQDA


2021-yil sentabrdan faoliyatini boshlagan SamDU Kattaqo'rg'on filialida bugungi kunda 2 ming nafardan ortiq talaba 16 ta yo'nalish bo'yicha bilim olib kelmoqda.

Bugun Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialida hokim va bitiruvchi yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda shahar hokimi Gavhar Alimova, filial direktori Serzod Urakov, talabalar va shahar mutasaddi rahbarlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda shahar hokimi muloqot qilib, bitiruvchilarning rejalari, orzu-maqsadlari bilan qiziqib, dildan suhbatlashdi. Kelgusida ularning bandligini ta'minlash, mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan muassasa va tashkilotlariga to'g'ri yo'naltirish bo'yicha shu joyning o'zida mas'ul rahbar xodimlarga topshiriqlar berdi.

Bitiruvchilar mamlakatimizda yoshlarni munosib ta'lim olishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnun ekanliklarini ta’kidlashdi. Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilari asosan ishga joylashish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish kabi masalalarda murojaat qilishdi. 

Joriy o'quv yilida filialning ikkita yo'nalishi — Maktabgacha ta'lim hamda Sport faoliyati (kurash) yo'nalishlarini jami 102 nafar talaba bitirish arafasida.

Ushbu talabalarning 36 nafari muassasa va tashkilotlarda, sport komplekslarida allaqachon o'zining ish o'rinlariga ega bo'ldi. Bir nafari Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyati, 3 nafari jahon, 10 nafari O'zbekiston chempionatlari sovrindorlaridir.

Bitiruvchilarni mutaxassisliklari bo'yicha ishga qabul qilish maqsadida Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi tasarrufidagi ta'lim muassasalari hamda Pedagogika kollejida va Sport maktabida mavjud bo'sh ish o'rinlarga takliflar berildi.

Kattaqo'rg'on shahar hokimligi axborot xizmati.

Teglar
- -