Samarqand viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Rahmat Mamatov Kattaqo‘rg‘on shahrida sayyor qabul o‘tkazdi
O‘g‘irlik jinoyatini fosh etishda yordam, firibgarlik, tergov faoliyati, probatsiya nazoratidan muddatidan oldin shartli ravishda ozod etish, ichki ishlar organlariga ishga kirish.
Viloyat IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari Rahmat Mamatovning Kattaqo‘rg‘on shahrida xalq qabulxonasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida o‘tkazilgan aholi bilan sayyor qabulida shu kabi murojaatlar bildirildi.
Boshqarma boshlig‘i fuqarolarning turli masalalardagi murojaatlarini tinglar ekan, bu orqali odamlarni qiynayotgan muammolarga yechim topilishi, shuningdek, kelgusida ana shunday holatlarning oldini olishga ham erishishni alohida qayd etdi.
Mamadiyor Norboboyev o‘z yashash xonadonidan qarindoshlarini ro‘yxatdan chiqarish, Savlat Ergashev pul oldi-berdisi, Sayyora Egamova o‘g‘rilik jinoyati bilan bog‘liq masalalarga yechim topish uchun sayyor qabuldan najot istab kelishdi.
Ularning murojaatlari o‘rganilib, qonun doirasida ko‘rib chiqilish tushuntirildi.
4 nafar probatsiya nazoratidagi shaxslarning arizalari qanoatlantirilib, ijobiy hal etildi.
Qabul doirasida 4 nafar yoshlarga ID-kartalar topshirildi. Xalq bilan muloqot, ularning dardu tashvishini tinglash asnosida mushkulini oson qilish mamlakatimizning ravnaqiga, yurtdoshlarimizning farovon hayot kechirishlarini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi. Zero, sayyor qabullarda bildirilayotgan murojaatlar o‘rganilib, ularning ijrosi amalda ta’minlanayotgani ham ayni haqiqat.