Qonunlarning ijrosi va davlat dasturlarining bajarilishida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vazifalari
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari bir-biridan ajratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mahalliy davlat hokimiyat to‘g‘risidagi Qonuniga asosan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirildi.
Mahalliy Kengash va deputatlar faoliyatini samarali tashkil etish, xususan, Kengashlarning norma ijodkorligiga oid faoliyatini takomillashtirish, qaror qabul qilishda qonuniylikni ta’minlash, nazorat-tahlil faoliyatini kuchaytirish, uning ta’sirchanligini oshirish, mahalliy byudjetni shakllantirishda deputatlarning faol ishtirokini ta’minlash, aholi muammolarini o‘rganish va hal etishda “mahalla yettiligi” hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga ham e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda Kattaqo‘rg‘on shahrida 20 nafar deputat bo‘lib, shundan 8 nafari xotin-qizlardan iborat. 2025-yilning 1-choragida xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi tomonidan jami: 5 marta sessiya o‘tkazilib 39 ta turli xil masalalar sessiya kun tartibiga kiritilgan. Deputatlar tomonidan aniqlangan muammo va kamchiliklar bo‘yicha 20 dan ortiq deputatlik so‘rovlari tegishli tashkilotlarga yuborilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mahalliy davlat hokimiyat to‘g‘risidagi Qonunining 24-moddasida xalq deputatlari Kengashining vakolatlari belgilab berilgan.
Ushbu moddada hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini, shaharning bosh rejasini hamda uni qurish qoidalarini tasdiqlash, shahar byudjeti daromadlarining prognozlarini ma’lumot uchun qabul qilish, tegishli byudjetlardan moliyalashtiriladigan hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning byudjet mablag‘laridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitish, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning stavkalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida belgilash, hokimni va uning o‘rinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, ularning faoliyatiga doir hisobotlarini, shuningdek hokimning shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlarini tinglash, yosh avlodning iste’dodi va qobiliyatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rishga qaratilgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hududiy rahbarlarining hisobotlarini har olti oyda eshitish, xalq deputatlari Kengashining Ish tartibini, xalq deputatlari Kengashi doimiy va muvaqqat komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash, tegishli prokurorlarning faoliyati to‘g‘risidagi axborotini har yili eshitish, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘linma rahbarlarining hisobotlarini eshitish, shahar tibbiyot birlashmasi rahbarlarining hisobotlarini eshitish, hokimning taqdimiga binoan hokimlikning tuzilmasini, shtatlarini va uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash fondini tasdiqlash vakolatlari kiradi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari o‘zlari saylangan okruglarda xar chorak soylovchilar bilan uchrashib deputatlik faoliyati bo‘yicha axborot berib boradi, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida Kengash sessiyalariga masalalar kiritish, deputatlik so‘rovlarini tashkil etish kabilarga ham e’tibor qaratadi.
Shuningdek bugungi kunda xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi deputatlari tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi hamda Kattaqo‘rg‘on shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yuqori va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, aholi yashashi va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish, yashil tamoyil va yondashuvlarni keng joriy etish, iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi drayver loyihalarni amalga oshirish orqali aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha, Kattaqo‘rg‘on shahrida 2025-yil “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida tanlangan mahallalarda elektr energiyasi barqaror yetkazib berilishini yaxshilash hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash yo‘nalishi bo‘yicha dasturga kiritilgan takliflarni ko‘rib chiqish hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida “Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, xizmat va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshiriladigan drayver loyihalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish borasida deputatlik nazoratini olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 14-yanvardagi “Hududlarni rivojlantirish hamda aholi muammolarini hal etishda mahalliy Kengashlar deputatlari va senatorlarning “mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” KQ-35-V-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi deputatlari “Mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorlikda aholining muammolari o‘rganish bo‘yicha yagona sxema ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 19 va 24-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2024-yil 31-oktyabrdagi “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi”gi KQ-846–IV-son Qaroriga asosan xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashida 5 ta doimiy komissiya faoliyat yuritadi. Bugungi kunda ushbu komissiyalar sohalar kesimida amaliyotda qo‘llash uchun 80 dan ziyod qonunlarni o‘rganib, amaliyotda aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda masalalarni qonuniy hal etilishiga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda.
Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi kotibiyat mudiri N.Hakimov