Oʼzbekiston Respublikasining 2025 yil 20 fevraldagi “Davlat boji” toʼgʼrisidagi qonuniga qoʼshimcha va oʼzgarishlar haqidagi OʼRQ-1032-sonli qonunning mohiyati va ahamiyati.
Sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, samaradorligini, aholining odil sudlovga boʼlgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash sud islohotlarining asosiy maqsadlarini tashkil qiladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga asosan, har kimga oʼz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanishi, shuningdek 130-moddasida Oʼzbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishi muhim konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilangan. Har kim belgilangan tartibda fuqarolik sudlariga murojaat qilish yoʼli bilan oʼzining buzilgan huquqlarini himoya qilishlari mumkin.
Sudlarga ariza, daʼvo ariza berishda hamda sud hujjatlariga nisbatan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati berishda davlat boji undirish miqdori, hamda davlat foydasiga 4 foiz fuqarolik ishlari boʼyicha davlat boji undirish tartibi Oʼzbekiston Respublikasi “Davlat boji toʼgʼrisida”- gi Qonuni hamda Oʼzbekiston Respublikasining FPK normalari bilan belgilangan.
Davlat boji-davlatning maxsus vakolatli idoralari (sud, ichki ishlar boʼlimlari, davlat xizmatlari markazlari, notarial hamda sugʼurta idoralari va b.) tomonidan fuqarolar, korxonalar, tashkilot va muassasalar manfaatlari yoʼlida xizmat koʼrsatganlik hamda yuridik ahamiyatga molik hujjatlar (pasport, turli guvohnomalar, sertifikat, litsenziya va boshqalar) berganlik uchun undiradigan pul yigʼimlaridir. Oʼzbekistonda davlat boji Oʼzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʼgʼrisida”gi OʼRQ-600-sonli Qonuniga asosan belgilanadi.
Ushbu Qonun 2020 yil 6 yanvarь kuni qabul qilingan boʼlib, qonun jami 31 ta moddadan hamda uning ilovasi boʼlgan “Davlat boji stavkalarining miqdori”dan iboratdir.
Shu oʼrinda kimlar davlat bojini toʼlovchilar hisoblanishini qayd etsak. Vakolatli muassasalarga va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan va oʼziga nisbatan yuridik ahamiyatga molik harakat va (yoki) hujjatlar berish amalga oshiriladigan yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini toʼlovchilardir (qonunga asosan davlat bojidan ozod etilgan imtiyozga ega shaxslar toifasi) belgilangan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 20.02.2025 yilda imzolangan “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʼshimcha va oʼzgartishlar kiritish toʼgʼrisida”gi OʼRQ–1032-sonli Qonuni bilan Oʼzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʼgʼrisida”gi OʼRQ-600-sonli Qonunga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritildi.
Jumladan, 8-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 47-band bilan toʼldirildi.
Ungna koʼra, «47) issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar — tegishincha issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish yuzasidan xizmatlar uchun toʼlovlar boʼyicha qarzlarni undirish toʼgʼrisidagi daʼvolar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda»; degan jumlalar bilan toʼldirildi.
ikkinchi qismidagi «33 — 36 va 371-bandlarida» degan soʼzlar «33 — 36, 371 va 47-bandlarida» degan soʼzlar bilan almashtirildi.
9-moddaning birinchi qismi quyidagi «29) issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar — tegishincha issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish yuzasidan xizmatlar uchun toʼlovlar boʼyicha qarzlarni undirish toʼgʼrisidagi daʼvolar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda» degan band bilan toʼldirildi.
ikkinchi qismidagi «21 va 221-bandlarida» degan soʼzlar «21, 221 va 29-bandlarida» degan soʼzlar bilan almashtirildi.
3) ilova 7-bandining «g» kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etildi.
g) Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan chet el tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish hamda uning amal qilish muddatlarini amal qilishning har bir yili uchun uzaytirish | — BHMning 48 baravari |
Mazkur qonun bilan Oʼzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Аdliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Oliy sudi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyatini aholi oʼrtasida tushuntirilishi va Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirishi belgilandi.
Xulosa sifatida qayd etish lozimki, bojlarni davlat byudjetiga undirilishini inobatga olib, har bir vakolatli idora uni belgilash, undirish, undan ozod qilish va qaytarish tartibiga qatʼiy rioya etishi muhimdir.
Gʼ.S.Vohidov
Samarqand viloyat fuqarolik ishlari
boʼyicha sudlov hayʼati sudьyasi