O'zbekiston-Quvayt biznes-forumi
Avval xabar berilganidek, shahrimiz hokimi Gavhar Alimova O'zbekiston deligatsiyasi tarkibida xizmat safari bilan Quvayt davlatida bo’ldi. Mazkur tashrif doirasida Quvayt Savdo-sanoat palatasida o'tkazilgan O'zbekiston-Quvayt biznes-forumi ushbu davlatning yetakchi ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritildi.
Jumladan, "Kuwait Times" gazetasida "O'zbekiston va Quvayt iqtisodiy aloqalar uchun o'z eshiklarini ochmoqda" hamda "al-Anba" gazetasida "Quvaytlik investorlar O'zbekiston imkoniyatlarini o'rganmoqda" sarlavhali maqolalar chop etildi.
"O'zbekiston delegatsiyasining mazkur tadbirlardagi ishtiroki mamlakatning Quvayt tomonidan istiqbolli iqtisodiy va sarmoyaviy yo'nalish sifatida taklif etilayotgan ulkan salohiyatga bo'lgan ishonchini aks ettiradi. O'tgan yilning noyabr oyida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Quvayt qo'shma komissiyasining 1-yig'ilishi chog'ida mustahkamlangan hamkorlikni yanada rivojlantirishga tomonlarning intilishi tasdiqlandi", – deb yozilgan maqolalarda.