O‘rgangan ko‘ngil...
Xalqimiz «O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas», deya bejizga aytmagan. Buning hayotdagi ifodasi o‘tgan yili Kattaqo‘rg‘on shahrida ham kuzatildi.
1982 yil Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan va ayni paytda bir nafar farzandning onasi bo‘l¬mish Olima Saidova (ismi va familiyasi o‘zgartirilgan)ning umri mash’um jinoiy qil¬mishlar ko‘chasi — arosat va qabohat domida o‘t¬moqda. Keyingi salkam 3 yil mobaynida u sodir etgan ji¬noyat¬lari uchun ikki marta jinoiy javob¬garlikka tortildi. Ona atalmish mo‘tabar xilqatning jinoyatchi sifatida namoyon bo‘lishi chindan ham, ko‘rgan, eshitganga erish tuyuladi.
Biroq hayotda ba’zan o‘z qadrini bilmagan, ayollik sha’nini yerga urgan ayollar ham uchrab turadi.
O.Saidova takror-takror sodir etgan jirkanch qilmish axloqiy tubanlik mevasidir.
Dastlab u jinoiy qilmishi uchun 2021 yili Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 2-qismi bo‘-yi¬¬cha javobgarlikka tortildi va qilmishiga yarasha jazolandi.
Oradan ko‘p o‘tmadi. 2024 yilning dekabr oyida yana jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu gal ham aynan shu modda — takroriy «qo‘shmachilik» qilmishi.
Sudlanuvchi 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Taassufki, u gardanida sudlanganlik holati turganini bu gal ham xayoliga keltirmadi va yana jinoiy qilmishga qo‘l urdi.
Bu voqea 2024 yilda ro‘y berdi. Qo‘shmachi ayolga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zi¬ni Kattaqo‘rg‘onlik «Rustam» deya tanishtirgan noma’lum shaxs bir kechalik aysh-ishrat uchun o‘zi va yana ikki sherigiga «mehmonnavozlik» qilishni so‘radi.
O‘tgan 3 yillik jinoiy fao¬liyati mobaynida bu yanglig‘ tuban yumushlarni ko‘p uddalagan kuyi o‘z «kasbi»ning ustasi fa¬rangiga aylangan O.Saidova shu topda o‘z jirkanch qilmishining oqibati va boshiga yog‘ilajak galdagi achchiq kulfatning sovuq vajohatini emas, balki cho‘ntagiga oqib kelguvchi jaraq-jaraq pulning salmog‘ini chamaladi.
Savdo pishdi. O.Saidova kattaqo‘rg‘onlik yigitlarga «xizmat ko‘rsatuvchi» qizlar xususida gapira turib, ular bilan bo‘ladigan
uchrashuvning vaqti va manzilini belgiladi. «Mehmon-u mezbonlar» kelishilganidek, belgilangan manzil — Kattaqo‘rg‘on shahrining «Do‘stlik» mahallasidagi ko‘p qavatli uylarning birida uchrashishdi. Hojatbaror ayol tarki odatni amri mahol bildi va har galgidek «xizmat» haqini oldindan undirishni xayoldan faromush etmadi. O‘z jirkanch amalidan na tap tortdi, na or qildi, kelishilgan 200 ming so‘m miqdordagi pul shu ondayoq uning cho‘ntagidan joy oldi.
Ora ochiq. Pul cho‘ntakda. O.Saidova ketishga chog‘landi, ko‘chaga chiqib, o‘ziga tegishli avtomashina tomon yurdi. Biroq ulovni o‘rnidan jildirishga ulgurmadi. Insoniy tubanlikka mukkasidan ketgan ayolning shubhali qadamlari-yu, nojoiz xatti-harakatini zimdan kuzatayotgan tegishli idora xodimlari uning yo‘lini kesib chiqishdi.
…Mo‘ljaldagi ishlarning bari misoli xamirdan qil sug‘urganday, silliqqina ketayotgan bir pallada ro‘y bergan bu voqea kutilmagan hol bo‘ldi. Allaqachon axloqiy tubanlik domiga qulagan ayol bunisini hatto xayoliga ham keltirmagandi. Xullas, qilmishning chuvi chiqdi. Tergov tadbirlari jarayonida qabih jinoiy hodisa ro‘y bergani va u qo‘shmachilikni kasb qilgan O.Saidova tomonidan sodir etilgani to‘liq o‘z
isbotini topdi. Jinoiy qilmish mana-man, deb tursa, uni inkor etishning iloji yo‘q. Shu bois sudlanuvchi mum tishlamadi: aksincha, bu gal ham tavba-tazarruni o‘rinlatdi, aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi, pushaymonligini izhor qildi, qabih qilmishini xaspo‘shlash uchun turli xil bahonalarni o‘ylab topdi.
Taassufki, bular qilmishni huqu¬qiy jihatdan to‘g‘ri, aniq va adolatli baholash uchun yetarlicha asos bo‘¬lolmaydi. Sud amaldagi qonunchilik taomiliga ko‘ra, tomonlar, jumladan, ayblovchi va ayblanuvchining dalil-dastaklari emas, balki bevosita sud jarayonida aniqlangan va to‘liq isbotini topgan holatlarni inobatga oladi. Bu kabi vaziyatlarda kimdir haq, yana kimlardir nohaq bo‘lib chiqishi kunday ravshan. Fakt va dalillar esa, o‘jar bo‘ladi. Sudga taqdim etilgan va ishni ko‘rib chiqish asnosida aniqlangan dalil-isbotlarning bari Jinoyat kodeksining fohishaxona saqlash, qo‘shmachilik qilishga doir og‘ir va asoratli qilmishni nazarda tutuvchi 131-moddasi 4-qismi «b» bandida ifodasini topgan jinoiy qilmish yuz bergani va bu mash’um qilmishning boshida takror-takror sudlanasa-da, tavbasiga tayanmagan O.Saidova turganini to‘liq isbotladi. Tergov organi tarafidan qo‘yilgan ayb e’tirof qi¬lindi.
Ayni paytda sudlanuvchi tarafidan sodir qilingan jinoiy qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi, ayblanuvchining aybiga to‘liq iq¬rorligi va qilmishidan pushaymonligi, bir nafar farzandi borligi, ularni yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgani, kasallikka chalingani, mahallasi fuqarolar yig‘ini uni o‘z kafilligiga olib, sudga rasman murojaat qilgani tayinlanajak jazoni yengillashtirish omili sifatida e’tirof qilindi.
Biroq qilmishdan ko‘z yummaslik, uni qattiq qoralashni taqozo etuvchi boshqa jihat ham bor. Qolaversa, sharm-hayo, iymon-e’tiqod, inson sha’ni va g‘ururini har narsadan ustun bilguvchi yurtdoshlarimizning xohish-irodasini, qonunchiligimizning adolat va xolislikni taqozo etguvchi talablarini ham bajo keltirmoq darkor. Bu dunyoda insoniy tubanlik, xususan, qo‘shmachilik singari illatlardan hamma hazar qiladi, bunga g‘azab va nafrat nazari bilan qa¬raydi. Shu payt¬gacha ayol boshi bilan besh marta og‘ir oqibatli jinoiy kirdikorlarga qo‘l urgan, hayotini zulmat va arosat domida o‘tkazayotgan bandani kim ham o‘ziga el sanaydi?!
Sud bu holatlarni e’tibordan soqit qilmadi. Hayotining eng totli onlarini zulmat va arosatda o‘tkazib, o‘z qilmishlarining ajrini tortgan, biroq to hanuz tavbasiga tayanmagan, shu bois ko‘pchilik nafratiga duchor bo‘lgan qo‘shmachi ayolni ozodlikdan mosuvo etmagan holda tarbiyalash imkoni yo‘q, degan xulosaga keldi.
Sud ana shu holatlarni inobatga olgan holda hukm chiqardi. Zikr etilgan holatlarga ko‘ra, ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining yengilroq jazo ta¬yinlashni taqozo etuvchi 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) ni tadbiq etish maqsadga muvofiq deb topildi va kodeksning 131-moddasi 4-qismi «b» bandiga binoan 3 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoiy qilmish bu gal ham muqarrar jazo bilan yakun topdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
Oltiboyev Abdihakim
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining tergov sudyasi
Xakimov Muzafar