insurez
09-08-2025 17:11

Mustaqillik – faqat bayram emas, u fidoyilik, xotira va mas’uliyatdir


O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi yurtimiz bo‘ylab katta shukuh va ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda. Har bir hududda, har bir tashkilotda, har bir yurakda bu ulug‘ sana – ozodlik, erkinlik va mustaqil taraqqiyot ramzi sifatida alohida iftixor bilan kutib olinmoqda. Bu yilgi bayram “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya ostida o‘tkazilayotgani esa uning ma’naviy qadrini yanada oshirmoqda.

Shu munosabat bilan Markaziy harbiy okrug tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan insonparvarlik, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadbirlar keng qamrov kasb etdi. Tadbirlar nafaqat bayramona ruhda, balki o‘zida chuqur ijtimoiy, tarbiyaviy va vatanparvarlik mazmunini mujassam etgan holatda tashkil etilmoqda.

Jumladan, ulug‘ sana munosabati bilan Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilari tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ahad bobo Ochilov, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan jasoratli harbiy xizmatchilar – Sayyor Sadinov va Ulug‘bek Barnoyevning xonadonlariga tashriflar uyushtirildi. Bu tashriflar oddiygina hol-ahvol so‘rash yoki sovg‘a-salom ulashish emas, balki yurtimizda tinchlik va osoyishtalik uchun jon fido qilganlarga bo‘lgan yuksak hurmat va cheksiz ehtirom timsoli sifatida qabul qilindi.

Harbiylar o‘z xizmat majburiyatlari doirasida nafaqat davlat xavfsizligini ta’minlaydi, balki har qanday vaqtda el-yurt dardiga quloq tutadigan, odamiylik, sadoqat va e’tibor ramzi sifatida jamiyat hayotida faol ishtirok etadi. Bu kabi tashriflar orqali ular barchaga, ayniqsa, yosh avlodga o‘tmishdagi fidoyilikni unutmaslik, mardlik va jasoratni qadrlash, oilaparvarlik va insoniylik kabi yuksak fazilatlarni asrab-avaylash zarurligini ko‘rsatmoqda.

Tadbir davomida urush va xizmat qurbonlari xotirasi yod etilib, ularning oilalariga iliq tilaklar, ehtirom ramzi sifatida esdalik sovg‘alari topshirildi. Harbiy orkestrning musiqiy chiqishlari esa tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

Bunday tashabbuslar – bu birgina tadbir emas, balki milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, insoniylik tamoyillarining amaliy ifodasi, yurtdoshlarimiz bilan bir tanu bir jon ekanligimizning yorqin ko‘rinishidir. Zero, tarixni unutmagan, fidoyilar xotirasini ardoqlagan xalqning ertangi kuni yorug‘ va barakali bo‘ladi.

Markaziy harbiy okrug tashabbusi bilan tashkil etilgan bu kabi tadbirlar xalq bilan armiyani yanada yaqinlashtiradi, harbiylar sha’nini ulug‘laydi, yoshlarda esa Vatanga muhabbat, xizmatga sadoqat va o‘z xalqiga g‘urur bilan xizmat qilish tuyg‘ularini kuchaytiradi.

Mustaqillik – faqat bayram emas, u fidoyilik, xotira va mas’uliyatdir. Shu bois bu kabi tashriflar orqali mustaqillik ne’matini asrash yo‘lida jon fido qilganlar xotirasiga hurmat ko‘rsatilmoqda, ularning nomlari qalblarda barhayot saqlanmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Teglar
- -