MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqda Kattaqo‘rg‘on shahar Istirohat bog‘i bo‘yicha videomurojaat tarqalgan. Mazkur murojaat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi Alisher Navoiy nomli istirohat bog‘i negizida zamonaviy tematik parkni davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish bo‘yicha 2025 yilning 13 fevral sanasida konsepsiya ishlab chiqilgan. Shunga asosan shahar hokimligining rasmiy veb sayti orqali istirohat bog‘ini davlat xususiy sherikchilik shartlari asosida berish bo‘yicha tanlovga chiqarilgan. Tanlovga chiqarilgan istirohat bog‘ini DXSh asosida olish bo‘yicha shahardagi "JJA GOLD ENVEST" MChJ tomonidan taklif kiritilgan. Shu asosida joriy yilning 25 iyul sanasida shahar hokimligi va "JJA GOLD ENVEST" MChJ o‘rtasida DXSh bitimi imzolanib, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025 yil 15 avgustdagi 1621-2025 son bilan reestriga kiritilgan.
Hozirgi kunda "JJA GOLD ENVEST" MChJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha asosida istirohat bog‘ini zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha dastlabki qurilish ta’mirlash ishlari boshlangan. Jumladan, istirohat bog‘i hududidagi 3 ta attraksion to‘liq rekonstruksiya qilindi, 9 dona yangi attraksion olib kelib, o‘rnatildi. 700 donadan ortiq manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Istirohat bog‘i hududidan 800 o‘ringa mo‘ljallangan ochiq turdagi amfiteatr qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari "JJA GOLD ENVEST" MChJ tomonidan istirohat bog‘i hududini mikroklimatini va yashillikni saqlab qolish uchun sug‘orish tizimini yangilash va park hududiga keladigan fuqarolarga shart-sharoitlar yaratish maqsadida yo‘laklarni rekonstruksiya qilish belgilab olingan bo‘lib, mazkur ishlar ham yaqin kunlarda boshlanadi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar haqiqatdan yiroq bo‘lib, mazkur fuqarolar bir necha yillardan buyon bog‘ hududiga hech qanday hujjatlarsiz attraksionlar o‘rnatib noqonuniy ravishda foydalanib kelgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur masala bo‘yicha shahar Istirohat bog‘i ma’muriyati tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xulosa berish bo‘yicha rasmiy murojaat qilinishini ma’lum qilamiz.