insurez
07-11-2024 11:50

MADANIYAT MARKAZI OCHILDI


Davlatimiz Rahbarining Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi yig‘ilishida madaniyat, san’at va ijod sohalarini yanada rivojlantirish maqsadida har bir tuman va shaharda konsert, tomosha zali, kutubxona, kinozal va to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha berilgan topshiriqlaridan kelib chiqib, bu borada tizimli ishlar tashkil qilinmoqda. Shu jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahridagi “O‘rikzor” mahallasida ham 8-son madaniyat markazida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bugun ushbu markazdagi qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirildi.

Markazning ochilish tadbirida shahar hokimi Gavhar Alimova, sektor rahbarlari, viloyat Madaniyat boshqarmasi va shahar madaniyat bo‘limi vakillari, kattaqo‘rg‘onlik ijodkorlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Shahar hokimi so‘z olib, mahallada mana shunday madaniyat markazining ochilishi aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh iqtidorlarni aniqlash va ularni ruyobga chiqarishda ulkan imkoniyat bo‘lishini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda so‘z olgan ijodkorlar ham Kattaqo‘rg‘on shahri azaldan madaniyat o‘chog‘i bo‘lganligini, juda ko‘plab taniqli san’at va madaniyat darg‘alari yetishib chiqqanligini faxr bilan tilga oldilar.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari madaniyat markazidagi shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

Markazda 5 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu to‘garaklarga 50 nafardan ortiq yoshlar qamrab olingan.

Tadbir davomida tashrif buyurganlar san’atkor Dilshod Boyxonovning ajoyib kuy va qo‘shiqlaridan bahramand bo‘ldilar.

Teglar
- -