Korrupsiyaga qarshi kurashish – barchamizning burchimiz
Jamiyatda shunday illatlar borki, u ma’lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladi. Davlatni ich-ichidan yemiradigan ana shunday illat – korrupsiya va poraxo‘rlikdir. Aynan shu illat sababli ko‘plab davlatlarning inqirozga yuz tutgani ham tarixdan ma’lum.
Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli.
Korrupsiya, birinchidan, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi; ikkinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, o‘z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini ko‘paytiradi; uchinchidan, siyosiy institutlar, jamoat tashkilotlari shaklan demokratik mezon, o‘arb andozasiga o‘xshasa-da, mazmun-mohiyatiga ko‘ra, zamon talabidan orqada qolmoqda, bu kamchilik esa oldinga siljishimizga xalaqit beradi.
Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Albatta, bajarilgan ishlar salmoqli. Ammo biz kechagi qilgan ishimizning natijasiga mahliyo bo‘lib qolsak, ertangi ishimizning yakuni biz kutganchalik bo‘lmasligi tabiiy.
Shundan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni yanada o‘stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish muhim ahamiyatga ega.
Korrupsiya shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning sa’y-harakati bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yo‘q qilishga kirishilsagina ijobiy natijaga erishish mumkin.
Bu borada o‘nglanish, siljish qilmasak, millatimiz obro‘siga korrupsiya illati soya solib turaveradi. Toki, biz oilada, bog‘chada, maktabda o‘g‘il-qizlarimiz ongiga, ruhiyatiga tamagirlik, poraxo‘rlik yomon illatgina emas, balki u jamiyatimiz tanazzuli, iqtisodiyotimiz orqaga ketishi sababi ekanligi haqida ko‘proq tarbiyaviy va targ‘ibot ishlarini olib bormasak, maqsad-muddaoga erisha olishimiz qiyin.
Muxtasar aytganda, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bo‘lishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan bo‘lamiz.
Samarqand viloyat sudining sudyasi
To‘raev Zayniddin
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
Oltiboev Abdixakim