insurez
05-12-2025 17:58

Konstitutsiyaviy huquq va burchlar haqida


Turli bosqichlarida mamlakat fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy, shuningdek, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlashda tub burilish davriga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ta’bir joiz bo‘lsa konseptual ahamiyatga molik dasturlar qabul qilinadi. Va albatta, bunday tarixiy hujjatlarni qabul qilish shunchaki tasodif emas, balki, unga ma’lum ma’nodagi tarixiy zarurat va tabiiy ehtiyoj paydo bo‘ladi. Agar ilmiy va amaliyot nuqtai nazardan kelib chiqilganda, bunday qonunlarga bo‘lgan tarixiy zarurat va ehtiyoj, eng avvalo, mamlakat o‘zining davlat mustaqilligiga erishganida yoki jamiyatning bir ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bosqichidan, yangi taraqqiyot sari qadam qo‘yyayotganda yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunday qonun hujjatlarining ahamiyati haqida so‘z yuritilganda, ularning tub mazmunida mamlakat aholisining orzu-umidlari, huquq va erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmati, xohish-istagi, bir so‘z bilan aytganda, farzandlarining farovon kelajagi yo‘lida huquqiy poydevor vazifasini o‘tashga qaratilgan asosiy g‘oya, maqsadlar va eng muhim prinsiplar mujassam bo‘lishini ta’kidlash joiz. 

Aynan shu nuqtai nazardan olinganda mamlakatimizda 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida mustaqillik yillarida erishgan va bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat, shuningdek, fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarga huquqiy poydevor vazifasini o‘tashga qodir bo‘lgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Darhaqiqat, “inson-jamiyat-davlat” tamoyiliga asoslangan Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakatda inson qadrini yanada ulug‘lash va huquqiy demokratik davlat barpo etish maqsadida qabul qilingan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Asosiy Qonunning eng muhim prinsiplari, shuningdek, undagi umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalari o‘zbek xalqining ming yillik davlatchilik tarixi va asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlariga hamohang ekanligini alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Bugun shuni alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimiz Asosiy Qonunida belgilangan eng muhim prinsiplar, ya’ni xalq hokimiyatchiligi, konstitutsiya va qonunning ustunligi, shuningdek, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari, jamiyat va shaxs o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar kabi konstitutsiyaviy normalarni hayotga yanada kengroq tadbiq etish, ularning kafolatlarini mustahkamlashga zamon talablaridan kelib chiqib yondashuvning yangi davri boshlandi.

Birgina, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-67-son Farmonida belgilangan vazifalar ko‘lamidan ham bilish mumkinki, bizning oldimizga nafaqat Yangi O‘zbekistonni barpo etish, balki mamlakatimiz taraqqiyotining “uchinchi renessans davri” podevorini barpo etish ham maqsad qilingan. 

Albatta, oldimizga qo‘yilgan oliy maqsadlarga erishish oson ish emas. Qolaversa, qonunlar bo‘ladimi, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bo‘ladimi yoki “yo‘l xaritalari”mi, qat’iy nazar Konstitutsiya ustvorligi ta’minlanmas ekan, ya’ni jamiyatda adolat o‘rnatilmas ekan, ko‘zlangan maqsadlarga erishish mushkulligicha qolaveradi.

Shuning uchun ham muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning keyingi yillarda mamlakatimizda Qonun ustuvorligini ta’minlash va adolatparvar jamiyat barpo etish, qolaversa, mansabdorlarni davlat ishlarida adolatli bo‘lishga da’vat etayotganlari bejiz emasligini tasavvur etish qiyin bo‘lmasa kerak.

Ma’lumki, mamlakat Konstitutsiyasining asosiy prinsiplaridan biri O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinishidir. Shuningdek, mamlakatimiz Asosiy Qonunida belgilanganidek, davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar. Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.

Bu esa o‘z navbatida huquqiy normalar, ya’ni yuridik va jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilash, o‘zgartirish va bekor qilishga qaratilgan umummajburiy xarakterdagi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan rasmiy hujjat hisoblanadigan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladigan idoralar va mansabdor shaxslar oldiga bir qator mas’uliyatlar yuklaydi.

Shu o‘rinda, Konstitutsiyada keltirib o‘tilgan Konstitutsiyaviy huquq va burjlarimiz ham alohida hayotimizda o‘rinni egallaydi. Xususan:

Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajarishi kerak;

Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur;

Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart;

Tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi;

Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur;

Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shart;

Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak;

O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchi ekanligi hamda fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majbur.

Zero, milliy davlatchiligimizni qaror topishida, bozor munosabatlarini kundan kunga rivojlanishida, davlat organlari tomonidan o‘z funksiyalarini samarali amalga oshirilishida, eng asosiysi,  davlat bilan shaxs o‘rtasidagi munosabatlarning aniq huquqiy tartibga solinishida, jamiyatimizni hamma jabhalarini demokratlashtirishda, mamlakatimizni jahonga yuz tutishida huquqiy asos sifatida xizmat qiladigan normativ-huquqiy hujjatlarning ahamiyati katta. Shuning uchun davlatimiz Rahbari mamlakatimizning qonunchilik bazasini yaratishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yana takomillashtirish, uning vakolatlarini kengaytirish borasida katta islohotlar olib borildi.

Keling, oxirgi 7 yil ichida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini takomillashtirish borasida Konstitutsiyaviy islohotlarga e’tiboringizni qaratsak.

Masalan, 2017 yilga qadar amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasida Konstitutsiyaviy sudning 4 ta banddan iborat vakolatlari belgilangan. Ular quyidagilardan iborat:

1) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;

2) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi;

3) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;

4) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi.

2017 yilda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asosan, Konstitutsiyaviy sudga 3 ta yangi vakolatlar berildi:

Bular quyidagilar:

1) O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;

2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi;

3) konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bundan roppa-rosa bir yil oldin, 30 aprel kuni umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 133-moddasida Konstitutsiyaviy sud yana yangi vakolatlarga ega bo‘ldi.

Mamlakatimizning Konstitutsiyaviy nazorat organi yuqorida sanab o‘tilgan vakolatlar bilan birga referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi. Va eng muhimi, mamlakatimizda konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriy qilinib, endilikda fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli ekanligi mustahkamlab qo‘yildi.

Ko‘rib turganingizdek, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar doirasida inson-huquq va erkinliklarini himoya qilishning barcha vositalaridan to‘laqonli foydalanilmoqda.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on

shahar sudining raisi

Oltiboyev Abdixakim

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on

shahar sudining tergov sudyasi

Xakimov Muzafar

Teglar
- -