Konstitutsiyada mulk huquqini himoya qilish
Sud-huquq tizimida qat’iyat bilan olib borliayotgan asosiy maqsad-fuqarolarning mulkka bo‘lgan huquqini kafolatli himoya qilishdan iboratdir. Ayni shu maqsadda keyingi yillarda sud hokimyatining mustaqilligini mustahkamlash va odil sudlov sifatini oshirish bilan birga xususiy mulk daxlsizligiga qaratilgan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda fuqarolarning mulkiy huquqiy manfaatlarini himoya qilish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash, yetkazilgan zarar o‘rnini javobgar hisobidan qoplash singari nizolar sud tartibida adolatli yechim topayotganligi yuridik va jismoniy shahslarning sudlarga nisbatan ishonchi ortishida muhim omil bo‘lmoqda.
Buning timsolida 2023 yil 1 maydan kuchga kirgan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 65-moddasida, fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyati, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlangan.
O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi.
Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.
Shu bois, mamlakatimizda xususiy mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash, uning huquqiy asoslarini yaratish, qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitini shakllantirish, har qanday xususiy mulkdorning qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan mulki daxlsizligi aslo shubha qilinmasligini ta’minlaydigan ishonchli huquqiy kafolatli tizimi yaratilgan.
Shu sababli, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, xususiy mulkga bo‘lgan huquqlari daxlsizligini kafolatlash bilan bog‘liq normalar konstitutsiya bilan ham mustahkamlangan.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berish bilan birga mulkchilikning hamma shakllari daxlsiz bo‘lishiga va ularning rivojlanishi uchun teng sharoit yaratib berdi.
Bu esa inson huquq va erkinliklari mulk huquqiga oid masalalarda huquqni qo‘llash amaliyotiga yangicha yondashuvlar joriy qilishni dolzarb zaruratga aylantirmoqda.
Zero, barchamizning vazifamiz inson, uning mulkka bo‘lgan huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan va hurmat qilinadigan adolatli jamiyat barpo etmoqdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
Oltiboyev Abdixakim
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining tergov sudyasi
Xakimov Muzafar