insurez
04-07-2024 15:06

Ko‘chmas mulk obektlarini xatlovdan o‘tkazish hamda noqonuniy qurilmalarni bartaraf qilish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar o'rganildi


Kadastr agentligi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi boshlig‘i Sherdil Mavlonov va OAV vakillari ishtirokida shahar hududidagi ko‘chmas mulk obektlarini xatlovdan o‘tkazish hamda noqonuniy qurilmalarni bartaraf qilish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha press-tur o‘tkazildi.

Pres tur jarayonida ishtirokchilar dastlab Kadastr agentligi shahar bo‘limidagi mavjud maxsus texnik vositalardan foydalanish jarayonlari bilan tanishishdi.

Shuningdek, media tadbir davomida ishtirokchilar shahar xududida fuqarolar tomonidan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va ushbu egallab olingan yer maydonlarda noqonuniy qurilmalar qurishni aniqlash yuzasidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari doirasida Zarafshon MFY, Qoradaryo ko‘chasida bir qator fuqarolarga agentlik tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarni davlat zaxirasiga qaytarish yuzasidan berilgan ogohlantirish xatlari va o‘tkazilayotgan tushuntirish ishlari jarayonida ham bevosita ishtirok  etishdi.

Kadastr agentligi shahar bo‘limi tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida jami 68 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, shundan 65 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan.

Jami qo‘llanilgan jarimalar summasi 1 032,240 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan yer qonunbuzilishini sodir etgan shaxslarga berilgan tushuntirish va yozma ko‘rsatmalar natijasida 31 ta holatda 0,0924 gektardagi yer qonunbuzilish holatlari ixtiyoriy bartaraf etilib, dastlabgi holatiga qaytarilishi ta’minlangan.

Berilgan tushuntirish va yozma ko‘rsatmalarga qaramasdan belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etilmagan 26 ta holatda 0,608 gektardagi yer qonunbuzilish holatlari yuzasidan sud idoralariga noqonuniy qurilmani buzdirish va egallangan yer maydonini yer egasiga qaytarish yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo arizalar kiritilib, shundan 16 tasi da’vo sud tomonidan qanoatlantirib, 10 tasi sud jarayonida ko‘rilmoqda.

 

Kattaqo'rg'on shahar hokimligi axborot xizmati.

Teglar
- -