insurez
01-09-2025 09:12

KATTAQO’RG’ON SHSHAR HOKIMI GAVHAR ALIMOVANING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 34 YILLIGI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI


Aziz kattaqo‘rg‘onliklar, shahrimiz mehmonlari!

Barchangizni qutlug‘ ayyom – eng aziz va eng ulug‘ bayramimiz Vatanimiz Mustaqilligining 34 yillik shodiyonasi bilan samimiy muborakbod etaman.

Bu yil yurtimizda Davlatimiz Mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik tantanalari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida nishonlanayotgani bejizga emas. Zero, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida Vatanimiz rivoji, xalqimizning farovonlikda va baxtiyorlikda yashashini ta’minlashdek ezgu g‘oyalar mujassam.

Istiqlolning o‘tgan yillari davomida erishilgan yutuqlar va qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni sarhisob etadigan bo‘lsak, Yangilanayotgan O‘zbekistonda yangicha qiyofa aks etayotgan Kattaqo‘rg‘on shahrida ham ulkan bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.

Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahrida aholi bandligini ta’minlash, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda hududiy investitsiya dasturlari ijrosi bo‘yicha 2020-2024-yillar davomida jami 2 trln. so‘mlik 406 ta loyihalar ishga tushirilishi natijasida 3500 ta ish o‘rni yaratildi.

Hududiy eksport ijrosi bo‘yicha shahrimizda 120 mln.dollar qiymatdagi sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Mahallalardagi 134 km uzunlikdagi ichki ko‘chalarga asfalt yotqizildi. Aholini qulay va zamonaviy uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 8 ta 624 xonadonli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi.

Hozirda shahrimizda yana 5 ta 430 xonadonli uy- joylar qurilmoqda va yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi.

Shuningdek, 6 ta 530 xonadonli uy- joylarda qurilish ishlari boshlangan bo‘lib, 2026 yilda topshirilishi rejalashtirilgan.

O‘tgan yillar davomida 10 dan ortiq davlat tashkilotlari, 20 dan ortiq mahallalar uchun yangi binolar barpo etildi.

Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida Kattaqo‘rg‘on suv omborida “Madaniyat va eko turizm” klasteri tashkil etildi. Ushbu maskan bugungi kunda nafaqat Kattaqo‘rg‘on shahri, balki viloyat va respublikadagi yirik turizm va madaniyat maskani sifatida aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining qo‘llab - quvvatlashi bilan Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali tashkil etilgan edi. 4000 o‘rinli muhtasham binoda joylashgan ushbu oliygoh bugungi kunda Kattaqo‘rg‘on davlat Pedagogika instituti sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

Uchinchi renessans maktab ostonasidan boshlanadi. Shu boisdan ham uning sifat va samaradorligini oshirishga eng muhim masala sifatida qaraladi. Shunga ko‘ra so‘nggi yillarda 12 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda 17 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 22 mlrd. so‘mlik joriy va kapital ta’mirlash ishlari bajarildi.

Shahrimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy -texnik bazasi yangilanib, qamrov darajasi 76,0 foizdan- 90,0 foizga oshirildi.

2024-2025 o‘quv yilida jami 840 nafar maktab bitiruvchilarining 366 nafari OTMga o‘qishga kirdi va oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi 30 foizdan 40 foizga yetkazildi.

2025-yilda bitiruvchilarimizning 34 nafari OLTIN va 4 nafari KUMUSh medallarga ega bo‘lishdi.

-Shuningdek, 3 nafar ustozlarimizning mehnatlari e’tirof etilib, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

O‘tkazilgan tanlov va sport musobaqalarida jami qiymati 2,5 mlrd so‘mlik “Zamonaviy sport maydoncha”lari yutib olindi va qurilib, shahrimiz yoshlari uchun foydalanishga topshirildi.

Shahrimiz aholisi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Afrosiyob tezyurar poezdining Kattaqo‘rg‘on bekatining tashkil qilingani nafaqat shahar aholisi, balki xorijiy mehmonlar, tadbirkorlar uchun ham katta qulaylik bo‘ldi.

Shuni e’tirof etish joizki, Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida shahrimiz aholisi yana bir muhim yangilikni qarshi olmoqda. Shahrimiz chegarasi kengayishi, ya’ni Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlaridan jami 2 916 gektar yer maydoni Kattaqo‘rg‘on shahri hududiga, o‘tkazilishi orqali Kattaqo‘rg‘on shahrini o‘rta shaharlar toifasidan katta shaharlar toifasiga o‘tkazilishi, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholining o‘sib borishini inobatga olib yangi infratuzilma ob’ektlari hamda ko‘p qavatli turar joy komplekslari barpo etish belgilangan.

Azizlar!

Shahrimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘lidagi barcha ezgu ishlarimizda biz, Siz kattaqo‘rg‘onliklarning qo‘llab-quvvatlashingizga tayanamiz.

Yana bir bor barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, xonadoningizga tinchlik, osoyishtalik tilayman.

 

Teglar
- -