Kattaqo‘rg‘on shahrida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish masalasi muhokama qilindi
Kattaqo‘rg‘on shahrida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, uning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini o‘rganish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilash maqsadida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda shahar hokimi Gavhar Alimova, shahar sektor rahbarlari, tegishli idora va tashkilotlar vakillari, mahalla raislari hamda yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
Tadbirda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka olib kelayotgan asosiy omillar va ularni bartaraf etish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular orasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirish, sport va madaniy sohalarga jalb qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Dastlab shahar hokimi G.Alimova mahallalardagi jinoyatchilik holati, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi ishlar samaradorligi yuzasidan tahliliy ma’ruzani o‘qib eshittirdi hamda “jinoyatga jazo muqarrar” tamoyili asosida har bir jinoyatga toqatsizlikka chaqirib, mahallani “jinoyatdan holi hudud”ga aylantirishda jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlarni berdi.
Yig‘ilish davomida shahar prokurori Ismoil Nuriddinov hamda IIB boshlig‘i G‘ulom Islomov mahallalardagi yoshlar jinoyatchiligi holati, ularning sabab va shart-sharoitlari yuzasidan hamda yoshlar jinoyatchiligini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar va rejalashtirilgan ishlar borasida axborot berishdi. Shuningdek, yoshlarni turli salbiy illatlardan asrashda mahalla raislari va yoshlar yetakchilarining mas’uliyati katta ekanini ta’kidlab, har bir yoshning muammosini tinglash va ularga yordam qo‘lini cho‘zish muhimligini alohida qayd etishdi.
Yig‘ilish yakunida jinoyatchilikning oldini olishda samarali chora-tadbirlarni kuchaytirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni sport va madaniy tadbirlarga keng jalb etish borasida vazifalar belgilab olindi.