insurez
06-12-2025 15:06

KATTAQO‘RG‘ON SHAHRIDA “SALOMATLIK MARAFONI” START OLDI


Sog‘liqni saqlash vazirining 2025 yil 31 oktabrdagi 335-sonli buyrug‘i ijrosini taʼminlash maqsadida yurtimiz bo‘ylab keng qamrovda o‘tkazilayotgan “Salomatlik marafoni” sohadagi muammolarni hal etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, tibbiy ko‘rik va skrining tekshiruvlarini kengaytirishga qaratilgan marafon tadbirlari Kattaqo‘rg‘on shahrida ham keng qamrovda boshlandi.

Tadbirda shahar hokimi Gavhar Alimova hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakili Baxtiyor Boliyevlar ishtirok etib, “Salomatlik marafoni”ga rasmiy start berdilar. Marafon davomidagi sog‘lomlashtirish tadbirlarining sog‘lom turmush tarzi va profilaktikasini amalga oshirishdagi ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Shundan so‘ng, Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikadagi shart-sharoitlar, aholi uchun tibbiy ko‘riklarning tashkil qilinganlik holati bilan tanishdilar. Markaziy poliklinikada marafon uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilib, UZI, statsionar momografiya, rentgen, YEKG va laboratoriya tahlillari jadal amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yetakchi mutaxassis shifokorlar tomonidan aholiga tavsiyalar berilmoqda. Shahrimiz fuqarolari farzandlari bilan birga kelib, tekshiruvlarda faol qatnashmoqdalar.

-Marafondan ko‘zlangan maqsad aholining keng qatlamini profilaktik ko‘rik va skrining tekshiruvlariga jalb etish, fuqarolarda o‘zi va farzandlari salomatligiga masʼulligi va kasalliklar profilaktikasi tushunchasini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan, jumladan yurak qon-tomir, qandli diabet, saraton kabi kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha aholining xabardorligini oshirish va profilaktik tadbirlarni amalga oshirishdan iborat, - deydi tibbiyot birlashmasi rahbari Humoyun Hamrayev.

Teglar
- -