insurez
21-10-2025 14:00

KATTAQO'RG'ON SHAHRIDA O‘ZBEK TILI BAYRAMI KENG NISHONLANDI


21 oktabr - O‘zbek tili bayrami kuni O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi munosabati bilan bayram tadbirlari yurtimiz bo‘ylab ko‘tirinki tarzda o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan Kattaqo‘rg‘on shahridagi Alisher Navoiy istirohat bog‘ida tashkil qilingan ushbu tadbir ham tantanali o‘tkazildi.

Unda shahar hokimi Gavhar Alimova, idora va tashkilotlar rahbarlari, ijodkorlar, mahalla faollari, faxriylar, harbiylar, jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqan shahar hokimi yig‘ilganlarni muborakbod etib, bayramning mohiyati haqida so‘z yuritdi.

-Atoqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek, til – millat ruhini yuksaltiruvchi buyuk kuchdir. Ushbu buyuk ne’matni har bir millat qanchalik e’zozlasa, qadrlasa, uning taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, til yanada go‘zal va betakror bo‘lib qolaveradi! Zero, unda xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati mujassamdir.

Ushbu bayramning yurtimizda keng nishonlanishi ona tilimizning naqadar boyligini ko‘rsatib bera olishi bilan birga unga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, har birimiz tilimizning pokligi va o‘ziga xosligini saqlash, uni boyitish va takomillashtirishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Millatimiz g‘ururi va iftixori bo‘lgan, noyob xazina – ona tilimizni asrash barchamizning burchimizdir,- deya ta’kidladi shahar hokimi o‘z so‘zida.

Shuningdek, tadbirda so‘z olganlar O‘zbek tilining qadimiy ildizlari, qudrati, mamlakat hamda xalqaro maydondagi nufuziga to‘xtalib o‘tdi. Tilimizni rivojlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida ta’kidlashdi.

Shahar Drama teatri tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi.

Tadbir davomida Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan Ona tilimizni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar yangradi.

Teglar
- -