KATTAQO‘RG‘ON ShAHRIDA MUSTAQILLIK BAYRAMI KENG NIShONLANDI
Davlatimiz Mustaqilligining 34 yillik shodiyonlari Kattaqo‘rg‘on shahrida ham ko‘tarinki tarzda o‘tkazildi. Buni “Do‘stlik” o‘yingohiga bayram munosabati bilan jam bo‘lgan kattaqo‘rg‘onlikarning yuzlaridagi shodlik va ertangi kunga bo‘lgan ishonch hissining aks etib turgani misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida tashkil qilingan tadbirda shahar hokimligi, idora va tashkilotlar, muassasalar rahbarlari, yoshlar, jamoatchilik vakillari, shahrimiz aholisi ishtirok etdi.
Tadbirni shahar hokimi Gavhar Alimova tabrik so‘zi bilan ochib berdi hamda barchani eng ulug‘ va eng aziz bayram bilan muborakbod etdi.
-Barchangizni qutlug‘ ayyom – eng aziz va eng ulug‘ bayramimiz Vatanimiz Mustaqilligining 34 yillik shodiyonasi bilan samimiy muborakbod etaman. Bu yil yurtimizda Davlatimiz Mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik tantanalari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida nishonlanayotgani bejizga emas. Zero, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida Vatanimiz rivoji, xalqimizning farovonlikda va baxtiyorlikda yashashini ta’minlashdek ezgu g‘oyalar mujassam.
Istiqlolning o‘tgan yillari davomida erishilgan yutuqlar va qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni sarhisob etadigan bo‘lsak, Yangilanayotgan O‘zbekistonda yangicha qiyofa aks etayotgan Kattaqo‘rg‘on shahrida ham ulkan bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda, deya ta’kidladi shahar hokimi o‘z so‘zida. Shundan so‘ng shahrimizni ijtimoiy –iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlarida munosib hissa qo‘shgan tadbirkorlarga shahar hokimligining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari taqdim etildi.
Shuni alohida aytish joizki o‘tgan yilda yoshlarimiz ham ko‘plab respublika va xalqaro miqyosdagi yutuqlarni qo‘lga kiritdilar. Tadbirda ana shunday yoshlardan sport bo‘yicha Osiyo va Jaxon chempionlariga ham shahar hokimligining sovg‘alari hamda homiy tadbirkorning pul mukofotlari taqdim etildi.
Tadbir kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi. Harbiy qism harbiy xizmatchilarining ko‘rgazmali, madaniyat bo‘limi xonandalarining musiqiy chiqishlari tadbir ishtirokchilari tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.
Poytaxtdan tashrif buyurgan elimiz suygan, yosh va iste’dodli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi ajoyib kuy va qo‘shiqlar ayniqsa, tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
O‘yingoh uzra taralayotgan kuy va qo‘shiqlarga hamohang tarzda raqsga tushgan hamshaharlarimizning qalblarida bayram shukuhi bir umrga muhrlandi,-desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Azizlar barchangizni Mustaqilligimizning 34 yilligi bilan muborakbod etamiz. Ilohim yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!